Raqobat qo‘mitasiga qonun buzilishi yuzasidan nodavlat ta’lim muassasalariga tegishli chora ko‘rmoqda. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.

Joriy yilning o‘tgan davrida xususiy ta’lim xizmatlari bo‘yicha iste’molchilardan 500dan ortiq murojaatlar kelib tushgan.

Ularning aksariyati Toshkentdagi nodavlat ta’lim markazlari hissasiga to‘g‘ri keladi. Bular qatorida eng ko‘p murojaatlar “Newton Academy KZ”, “Merit School”, “MyTeacher Group” hamda “My Med Academy” kabi tashkilotlar faoliyati bo‘yicha bo‘lgan.

Shikoyatlarda ta’lim sifatining qoniqarsizligi, o‘qituvchilar malakasizligi, o‘quv xonalarining shart-sharoitlari talabga javob bermasligi, o‘quv grafigiga rioya qilinmasligi, shartnoma tuzilmaganligi hamda intizom yo‘qligi kabi muammolar bildirilgan.

Ba’zi ta’lim muassasalari tomonidan iste’molchilarni turli yo‘llar bilan jalb qilish niyatida reklamalarda “Joylar soni cheklangan”, “3 oyda til o‘rganing”, “Kafolatlangan ta’lim” kabi bo‘rttirilgan iboralardan foydalanilmoqda, deyiladi xabarda.

O‘rganishlar natijasida iste’molchilar foydasiga jami 1,2 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ qayta hisob-kitob qilindi. Litsenziya talablari va soliq qonunchiligini buzgan, sanitariya talablariga javob bermaydigan holatlar bo‘yicha 50ga yaqin hujjatlar chora ko‘rish uchun vakolatli organlarga yuborildi.

Jumladan, “Newton Academy KZ” o‘quv markazi faoliyati yuzasidan tushgan shikoyatlar bo‘yicha to‘plangan hujjatlar tegishli chora qo‘llanilishi uchun Bosh prokuratura hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga yuborilgan.

Vazirlik tomonidan o‘quv markazi faoliyati tekshirilganda, litsenziyasiz nodavlat maktabdan tashqari ta’lim xizmatlari bilan shug‘ullangani va o‘qituvchilarining belgilangan sertifikati mavjud emasligi aniqlanib, markazga nisbatan moliyaviy jarima qo‘llanildi.

Raqobat qo‘mitasi nodavlat ta’lim xizmatlarini ko‘rsatuvchi tadbirkorlarni qonunchilik hujjatlari, litsenziya talablari asosida faoliyat olib borishi yuzasidan qat’iy ogohlantirdi.

Avvalroq O‘zbekistonda xususiy o‘quv markazlari reytingini tuzish rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgandi. Yuqori ko‘rsatkichga ega olis va chekka hududlardagi 100ta o‘quv markazining bino va inshootlari uchun ijara xarajatlariga kompensatsiya beriladi.