Toshkent shahrida pulli avtoturargohlarni tashkil etish bo‘yicha operator o‘zgardi. Bu haqda E-auksion ma’lumotlarida keltirilgan.

Joriy yilning 17-dekabr kuni onlayn savdolarda poytaxt ko‘chalarida avtomobillarning pulli to‘xtab turish joylarini tashkil etish huquqi uchun takroriy auksion yakunlandi.

Savdo jarayoni 20 daqiqadan ko‘proq davom etdi va ikki stavkadan so‘ng yakunlandi. Natijada, “Streetpark Systems” kompaniyasi g‘olib bo‘ldi.

Kompaniya lot uchun 62,93 mlrd so‘m — boshlang‘ich narxdan 10%ga yuqori narx taklif etgan.

Noyabr oyi oxirida o‘tkazilgan avvalgi auksionda “Balcomuz” qo‘shma korxonasi g‘olib chiqqandi. Kompaniya 3 yil davomida avtoturargohlarni ijaraga olish uchun taxminan 120 mlrd so‘m taklif qilgan, ammo kelishuv tasdiqlanmagan.

Toshkentda pulli “parkovka"lar

Poytaxt hokimi Shavkat Umurzoqov oktabr oyida Toshkent shahrida 80 mingdan ortiq pulli to‘xtab turish joylarini tashkil etishni nazarda tutuvchi qarorni imzoladi.

Hujjat bilan, pulli “parkovka"lar bosqichma bosqich joriy etilishi belgilandi. Xususan, birinchi bosqichda kelasi yilning 15-martigacha 14 mingga yaqin avtoturargoh o‘rni yaratilishi kerak.

Ikkinchi bosqich 1-iyunigacha amalga oshirilib, uning doirasida jami 70 mingta “parkovka” tashkil etiladi. Yakuniy bosqichda esa, ularning soni 84 mingtaga yetkazilib, bu ishlarni 2025-yilning avgust oyi oxiri bilan yakunlanadi.

Bundan oldin hokimlik poytaxtda pulli to‘xtab turish joylarini tashkil etish tartibini tasdiqlangandi. Ulardan foydalanganlik uchun to‘lov miqdori tarif zonasidan kelib chiqib, soatiga 5 ming so‘mdan 12 ming so‘mgachani tashkil etadi.

Barcha tumanlarda ijaraga beriladigan maydonlarning umumiy hajmi 262,8 ming kvadrat metrni tashkil etadi.