“O‘zbekiston temir yo‘llari” qishki ta’til munosabati bilan qo‘shimcha qatnov va vagonlarni yo‘lga qo‘ymoqda. Bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Xususan, qo‘shimcha qatnovlar joriy yilning 15-dekabrdan 2025-yilning 12-yanvarigacha bir qator yo‘nalishlarda tashkil etiladi.
17-dekabrdan boshlab Toshkent-Urganch-Toshkent yo‘nalishida 18ta, 15-dekabrdan esa Samarqand-Toshkent-Samarqand yo‘nalishida “Afrosiyob” tezyurar elektropoyezdiga qo‘shimcha 30ta qatnov amalga oshiriladi.
Bundan tashqari, quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha qo‘shimcha vagonlar qo‘yiladi:
- Toshkent-Qo‘ng‘irot-Toshkent;
- Toshkent-Termiz-Toshkent;
- Toshkent-Urganch-Toshkent;
- Toshkent-Sariosiyo-Toshkent.
Mazkur yo‘nalishlar uchun 20-dekabrdan boshlab har kuni 4ta qo‘shimcha platskart vagonlari qo‘shiladi.
Kompaniya barcha mahalliy yo‘nalishdagi qatnovlarga chegirma e’lon qilgan. Arzonlashtirilgan narxlar 23-dekabrdan 10-yanvargacha amal qiladi. Biroq, chegirmalar SV/VIP klass vagonlariga va yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Afrosiyob” elektropoyezdiga taqdim etilmaydi.
“Uzbekistan Airways” ham qishki ta’til munosabati bilan qo‘shimcha aviaqatnovlar joriy etdi. Aviachiptalarni alabalar 50%gacha chegirma bilan xarid qilishlari mumkin.
Shu bilan birga, “Silk Avia” aviakompaniyasi “Omad Plus”, “Omad” hamda “Oson Plus” tariflari uchun 50% miqdorida chegirma taqdim etmoqda.
Chegirmalar joriy yilning 23-dekabridan boshlab, kelasi yilning 7-yanvarigacha bo‘lgan aviaqatnovlar uchun amal qiladi. Undan o‘rta maxsus, kasb-hunar va oliy ta’lim muassasalari talabalari mahalliy yo‘nalishlardagi parvozlarda foydalanishlari mumkin.
Talabalarga chipta sotib olish uchun sayyor kassalar tashkil etildi. Toshkentdagi ikkita OTM binosida temir yo‘l hamda avtobus uchun chiptalarni sotib olish mumkin.