“EastFruit” tahlilchilarining ma’lumotlariga ko‘ra, Turkmaniston ko‘proq va O‘zbekiston kamroq darajada issiqxona sabzavotlarini sotishda katta muammolarga duch kelmoqda.
Hozirda eng katta muammo issiqxona pomidorlarini sotish bilan bog‘liq bo‘lib, asosiy sabab — rossiyalik xaridorlarning to‘lov qobiliyatining pasayishi hisoblanadi.
Bugungi kunda Turkmaniston issiqxonachilari o‘z mahsulotlarini hatto 1 kg uchun $1 narxda ham sotishda katta muammolar haqida xabar berishmoqda. Real narxlar allaqachon ushbu psixologik chegaradan past.
Ular Rossiya bozorida o‘z mahsulotlariga bo‘lgan talabning keskin pasayib ketganidan shikoyat qilishmoqda, bu esa narxlarga doimiy bosim o‘tkazmoqda.
O‘zbekistonda ham pomidor unchalik qimmat emas. Narxlar o‘tgan yilga nisbatan o‘rtacha 32%ga past. Bundan tashqari, O‘zbekistonda issiqxona pomidorining ulgurji narxi AQSh dollarida taqqoslansa, so‘nggi besh yil ichida eng past narxlardan biri hisoblanadi.
Xususan, ayni paytda qizil dumaloq issiqxona pomidorini O‘zbekistonda mayda ulgurji tarzda har bir kilo uchun $1,17dan sotib olish mumkin.
O‘zbekiston hozircha o‘z bozorida sotiladiganidan yuqori sifatli mahsulotlarni eksport qilishni afzal ko‘rgani sababli, eksport narxi ichki narxdan yuqori bo‘lishi mumkin.
O‘zbekistonlik eksportchilarning ta’kidlashicha, rublning qadrsizlanishi va Rossiya moliya bozoridagi umumiy beqarorlik ushbu mamlakatga issiqxona mahsulotlarini eksport qilish imkoniyatlarining yomonlashishiga olib kelmoqda.
Avvalroq “Spot” “Hududgazta'minot” issiqxonalarga gaz yetkazib berishga vaqtinchalik cheklovlar kiritayotgani haqida yozgandi.
Cheklovlar havo harorati keskin pasayib ketgan vaqtda qo‘llanilib, quvurlardagi gaz bosimlari barqarorlashganda bekor qilinadi.