2024-yil dekabr oyining o‘rtalaridan boshlab “Apple” Rossiyadagi o‘z xizmatlarining mavjudligini qisqartirishga qaror qilganini ma’lum qildi. Bu haqda “iPhones.ru” nashri kompaniyadagi manbasiga tayanib xabar berdi.

Qayd etilishicha, bu 2022-yil bahoridan beri kompaniyaning Rossiyadagi faoliyat shartlarida yuz bergan birinchi o‘zgarishdir.

Nima o‘zgaradi:

  • Apple TV+ da ayrim yangi filmlar va seriallar endi “Apple” hisoblarining Rossiya mintaqasida chiqmaydi. Bu barcha kontentga tegishli emas, ba’zilari hali Rossiyada chiqarilishi rejalashtirilgan;
  • kelgusida Apple TV+ ga kontentning o‘zini emas, balki faqat yangi kontentning treylerlarini joylashtirish rejalashtirilmoqda;
  • Apple Fitness+da Rossiya uchun yangi mashg‘ulotlar chiqarilishi cheklanadi.

Boshqa o‘zgarishlar ham bo‘lishi mumkin. Ushbu qarorning barcha tafsilotlari hali to‘liq ma’lum emas.

“iPhones.ru” manbasi Rossiya uchun “Apple” hisob (Apple ID) balansini to‘ldirish imkoniyati o‘chirib qo‘yilmasligini, shuningdek, ilovalarni xarid qilish va obunalarni rasmiylashtirish taqiqlanmasligini taxmin qilmoqda, ammo buni tasdiqlay olmayapti.


Avvalroq “Spot” Rossiyadagi “Apple” xizmat ko‘rsatish markazlarida iPhone va MacBook uchun ehtiyot qismlari tugagani haqida yozgandi.

Qayd etilishicha, kompaniyaning vakolatli xizmat ko‘rsatish markazlariga ularning kerakli original ehtiyot qismlarini yetkazib berish to‘xtatilgan.