2024-yil O‘zbekistonda tadbirkorlar faoliyatida muhim o‘zgarishlar, yangiliklar ro‘y berdi. Qonunchilikdagi asosiy o‘zgarishlardan biri, tadbirkorlar uchun barqarorlik reytingining joriy etilgani bo‘ldi. Biznes faoliyati reytingga bog‘landi: ular qanday imtiyozga ega bo‘lishlari, nimalarda ustunlikka egaligi va boshqalar.
Masalan, tadbirkorlarga subsidiya, imtiyoz va preferensiyalar ularning reyting darajasidan kelib chiqib beriladi. Ko‘rgazma va yarmarkalarda ishtirok etish xarajatlari uchun subsidiyalar ajratiladi hamda yuqori reytingga ega tadbirkorlar soliq tekshiruvlaridan ozod etiladi. Yaqinda “BBB” toifadagi tadbirkorlarga import va realizatsiya uchun to‘lanadigan QQS summalarini o‘zaro hisobga olish tartibi joriy etilishi belgilandi.
Joriy yilda ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lgan masala — fiskal huquqbuzarliklar uchun jarima miqdorlari kamaytirildi. Prezident farmoni bilan tadbirkorlarga qo‘llanilgan jarima miqdorining 98%i hisobdan chiqarildi. O‘tgan davrda 1,5 ming nafar tadbirkorga 700 mlrd so‘mga yaqin jarima qo‘llanilgan.
“20 ming tadbirkor — 500 ming malakali mutaxassis” dasturi doirasida tadbirkorlarga ayrim soliqlarni hamda aylanmadan olinadigan soliqni ular yaratgan yangi ish o‘rinlari soniga qarab belgilangan muddatlarda bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati beriladi.
“Spot” yil davomida tadbirkorlar faoliyatida qanday muammolar yuzaga kelgani, biznes jarayonida qanday qiyinchiliklar kuzatilgani hamda tadbirkorlar tomonidan ilgari surilgan taklif va tashabbuslar haqida so‘z yuritadi.
Elektr energiyasidagi uzilishlar
2024-yil davomida O‘zbekistonda elektr ta’minotida uzilishlar yuz berdi. Yozda vaziyat kuchaydi: 26-iyul kuni elektr energiyasi iste’moli bo‘yicha kunlik rekord o‘rnatildi, bu 253,3 mln kVt/soatni (o‘sish 0,36%) tashkil etdi.
O‘shanda Energetika vazirligi elektr tarmoqlarida favqulodda uzilishlarning oldini olish maqsadida Toshkent shahridagi iste’molchilarni energiya bilan ta’minlashda qisqa muddatli cheklovlar joriy etilayotgani haqida ogohlantirdi. Iyun oyidagi yig‘ilishda prezident avariyaviy o‘chirishlarni to‘xtatish uchun yil oxirigacha muammolarni bartaraf etishni topshirdi.
29-iyun kuni Savdo-sanoat palatasi tomonidan tashkil etilgan tadbirkorlar bilan ochiq muloqotda IT-kompaniya vakili elektr ta’minotida tez-tez uzilishlar bo‘layotganidan shikoyat qilib, “IT elektr borida boshlanib, elektr bo‘lmaganida tugashini” ta’kidladi. U elektr tarmoqlarining yetkazib berish majburiyatlarini buzganliklari uchun javobgarligini kuchaytirishni taklif qildi.
Biznes-ombudsman Dilmurod Qosimov ogohlantirishsiz elektr energiyasi ta’minotidagi uzilishlar uchun elektr tarmoqlariga jarimalar joriy etilishini ma’lum qildi. U har kuni uzilishlar sodir bo‘lishini tasdiqlab, buni energiya tizimidagi nosozliklar bilan izohladi, “bunga hech kim kafolat berolmaydi”, dedi u.
Iyul oyi oxirida Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov “Spot"ga bergan intervyusida “IT Park” rezidentlari uchun maxsus binolarda generatorlar va “yashil” energiya manbalarini o‘rnatish uchun sharoit yaratilayotganini ta’kidladi.
Vazir alohida IT-kompaniyalar uchun uzoq muddatli istiqbolda uzluksiz elektr ta’minoti manbalari (UPS) va generatorlarni o‘rnatishni tavsiya qildi. Bundan tashqari, vazirlik va “IT Park” “Zero Risk” dasturi amalga oshirilayotgan texnoparklar va hududlarda uzluksiz elektr ta’minotini ta’minlashga harakat qilmoqda, deya qo‘shimcha qildi u.
Iqtisodiyotning turli tarmoqlarida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar “Spot” bilan suhbatda tadbirkorlar elektr energiyasidagi uzilishlar va ularning salbiy ta’sirlari haqida so‘zlab berishdi.
“ChayKof” qahvaxonalar tarmog‘i, “Maqom Bar” va “Moloko” kafesi boshqaruvchi hamkori Alina Simermanning aytishicha, agar elektrda uzilishlar sodir bo‘lmasa, u holda kuchlanish ko‘pincha yetarli bo‘lmaydi, shuning uchun uskuna ishlashdan bosh tortadi, chunki u ishlashi kerak bo‘lgan ma’lum parametrlarga ega. Natijada qimmatbaho uskunalar eskiradi va buziladi, zarar esa o‘n millionlab so‘mni tashkil qiladi.
Boshqa salbiy ta’sirlar orasida mehmonlarning sifatli xizmat ko‘rsatilmayotganidan noroziligi, muzlatilmagan mahsulotlarning buzilishi va mehmonga kutilmagan sifatsiz mahsulotning berilishi xavfi, tushumning pasayishi, xodimlar sonining qisqarishi va shunga mos ravishda budjetga soliqlarning tushmasligi kabilar mavjud.
Rossiyaning “Magnit” riteyl-kompaniyasiga tegishli “M Cosmetic” savdo tarmog‘ida ham elektr ta’minotida uzilishlar sezildi. O‘tgan yildagi xuddi shu filialni taqqoslaydigan bo‘lsak, uzilishlar soni biroz oshgan. Kompaniya uchun uzilishlar soni emas, balki ularning davomiyligi muhimdir.
Kompaniya elektr ta’minotidagi uzilishlar tufayli uchta muammoni aniqladi:
- ijara majburiyatlari saqlangan holda oddiy savdo;
- xodimlar ishni yakunlay olmaydigan nofaol soatlar;
- agar harorat rejimiga rioya qilinmasa, mahsulotning buzilishi va hisobdan chiqarilishi riski.
Quyosh panellarini o‘rnatishga majburlash
Sentabr oyi boshida OAV hukumat idoralari korxonalarni quyosh panellarini o‘rnatishga majburlayotgani va elektr energiyasini uzib qo‘yish bilan tahdid qilayotgani haqida yozdi. Energetika vazirligi bunday xatti-harakatlar qonunga zid ekanligini va vazirlik bunday harakatlarni ma’qullamasligini ta’kidladi.
Sirdaryoda elektrdan uzilgan tadbirkorlar hokimiyat binosi oldiga yig‘ildi va HETK tomonidan asossiz ravishda, quyosh paneli o‘rnatmagani uchun tarmoqdan uzib qo‘yilganini qayd etdi. Sirdaryo HETK holatga munosabat bildirib, mas’ullar prezident qarorini noto‘g‘ri talqin qilganini ma’lum qildi.
Iqtisodchi Otabek Bakirov quyosh paneli o‘rnatishga majburlash bo‘yicha ishonchli teskari aloqa kerakligini qayd etdi. “Faqat bu aloqani energetiklarga yoki hokimiyatlarga emas, mustaqil idoraga, masalan, Raqobat qo‘mitasiga topshirish ma’noga ega bo‘ladi”, — deb yozdi u.
Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov tadbirkorlarni quyosh panellarini o‘rnatishga majburlash holatiga izoh berib, ularni majburiy o‘rnatishga qarshi ekanini, yuridik shaxslar uchun elektr energiyasi va tabiiy gaz tariflarining oshirilishi tadbirkorlarni “yashil” energiyadan foydalanishga rag‘batlantirganini ta’kidladi.
Vazirning aytishicha, majburlashga duch kelgan tadbirkorlar u bilan shaxsan bog‘lanishgan. Shuningdek, u Sirdaryodagi holat bo‘yicha aybdorlar tegishli jazo olganini aytdi.
Bakirov tadbirkorlar uchun energiya tariflari ko‘tarilgandan keyin, quyosh panellarini majburiy o‘rnatish amaliyoti to‘xtatilganini, lekin hozirda qaytadan boshlangani bo‘yicha savolni o‘rtaga tashladi.
“Men hayronman [buni] kim qilyapti” — dedi vazir. Mirzamahmudov elektr ta’minotidagi uzilishlar ortida Energetika vazirligi turmasligini, bunday hollarda bevosita unga murojaat qilish kerakligini ta’kidladi.
“M Cosmetic” vakili “Spot"ga bergan intervyusida chakana savdo tarmog‘ida quyosh panellarini o‘rnatish qiyin ekanligini, chunki savdo nuqtalari ko‘pincha turar-joy binolarining birinchi qavatlarida tomga chiqish imkoni bo‘lmagan holda joylashtiriladi, bu esa panellar ishini to‘g‘ri tashkil etish imkonini bermasligini qayd etdi.
“Fratelli Casa” va “Uzbtextile” hammuassisi Shohruh Qayumov o‘zining “Facebook"dagi sahifasida quyosh panellarini o‘rnatish talabi tufayli elektr ta’minotidagi uzilishlardan shikoyat qildi, bu yetkazib berish muddatlarini buzishi mumkin.
Tadbirkorning so‘zlariga ko‘ra, panellarni o‘rnatish uchun 20−25 kungacha vaqt ketadi va har bir ishlanmay qolgan kun ikki kunlik ishlab chiqarishni yo‘qotadi. Natijada, yetkazib berish kechikishi 40 kundan oshishi mumkin.
“Umrachi” turoperatorlarga cheklovlar
Joriy yilning iyun oyida qabul qilingan qaror bilan “Umra” ziyorati bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish litsenziyalanadigan faoliyatning alohida turi sifatida belgilandi. Litsenziya berish vakolati esa Turizm qo‘mitasidan Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaga berildi.
Sentabr oyida qo‘mita mazkur tadbirlarni tashkil etayotgan turoperatorlarga ogohlantirish bilan chiqib, yangi talablar 5-oktabrdan kuchga kirishini, turoperatorlar litsenziyalari mazkur sanagacha amalga qilishini qayd etdi.
Undan keyin, 12-oktabr kuni “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish jarayonini yaxshilashga qaratilgan hukumat qarori qabul qilindi. Hujjat bilan, endilikda turistik tashkilotlar mazkur xizmatlar uchun yangi talablar asosida litsenziya olishlari kerak edi. Bular qatorida quyidagilar bor:
- ziyoratchilarga guruh rahbari etib diniy bilim va ko‘nikmalarga ega mutaxassisni tayinlash;
- $1 mlnni “Ziyorat” jamg‘armasiga zaxira sifatida qo‘yish (oldin $100 ming edi);
- o‘z faoliyatini turoperator va turagentlar orqali amalga oshirmaslik;
- ziyoratchilarni toifasi 3 yulduzdan kam bo‘lmagan mehmonxonalarga joylashtirish;
- “Umra” xizmatini uchinchi davlatlar orqali ko‘rsatmaslik;
- xizmarlarni litsenziyadagi manzildan boshqa joyda joylashgan vakolatxona hamda filial orqali ko‘rsatish va boshqalar.
“Spot” suhbatlashgan turoperatorlar bir tarafdan bu talablarni qo‘llab-quvvatlagan bo‘lsa, boshqa tarafdan bu ularga biroz qiyinchiliklarni keltirib chiqarishini ta’kidladilar.
Xususan, “Mandarin Tour” vakilining fikricha, yangi talab bilan faqat litsenziya ko‘rsatilgan manzilda faoliyat ko‘rsatish biroz qiyinchilik keltirib chiqarishi mumkin.
“Qonun qabul qilindi, biroq turoperatorlarda litsenziya olish va qonunchilik masalasida ochiq savollar juda ko‘p”, — deydi “Rixos Tour” bosh direktori Sherzod Sami.
“Trip Tour” asoschisi Aziza Mirsalimova bu holat sifatli “Umra” ziyoratlari soni oshishiga, xorijiy davlatda qiyin vaziyatda qolib ketish holatlarining kamayishiga sabab bo‘lishini ta’kidladi.
Oktabr oyi o‘rtalarida yangi talablar asosida o‘tkazilgan tanlov natijasida jami 12ta turoperatorga “Umra” ziyoratini tashkil etish va o‘tkazish faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya berildi.
Noyabr oyida esa ayrim turfirmalar tomonidan fuqarolarni noqonuniy ravishda “Umra"ga jo‘natish holatlari aniqlandi. Natijada ularga nisabat qonuniy choralar ko‘rildi.
Paxtaning minimal narxi
Sentabr oyida hukumat paxtaning minimal narxlarini belgiladi. Barcha birja shartnomalarida bir tonna uchun minimal narx 6,8 mln so‘m miqdorida qayd etildi.
O‘zbekiston Respublika tovar-xom ashyo birjasida bir tonna paxta xomashyosining boshlang‘ich fyuchers narxi 7,8 mln so‘m etib belgilandi. Fermer va klasterlar paxtani jahon bozoridagi paxta tolasi kotirovkalaridan kelib chiqib bog‘langan mazkur narxdan pastroq sota olishmaydi.
Prezident 2023-yilning dekabrida paxta yetishtirish tizimini isloh qilishni tasdiqlagandi. Joriy yilgi hosildan boshlab fermerlar o‘z hududidagi klasterdagi eng yuqori narx taklifi bilan fyuchers shartnomalarini tuzishlari belgilandi.
Boshlang‘ich narx Nyu-York birjasidagi paxta tolasining oxirgi 12 oydagi o‘rtacha narxidan kelib chiqib belgilanishi kerak edi. Biroq, mustaqil iqtisodchi Yuliy Yusupovning ta’kidlashicha, rasmiylar trend yuqori bo‘lgan yil boshidagi mavsumiy yuqori narxlarga e’tibor qaratishgan. Kuzga kelib, Nyu-York fond birjasida narx tushib ketdi va qayta hisoblash usuliga ko‘ra, 1 kg uchun 6 ming so‘mga yaqinlashdi.
“Global Textile” to‘qimachilik klasteri rahbari Muzaffar Razakov O‘zbekistonda paxta tannarxining asosiy qismini qo‘l mehnati tashkil etishi, qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash katta sarmoyalarni talab qilishini ta’kidladi. Natijada, fermerlar to‘qimachilik klasterlaridan farqli o‘laroq, kombayn sotib olishga qurbi yetmaydi. U mahalliy mahsulotlar tannarxini pasaytirish ustida ish olib borishga chaqirdi.
Razakov klasterlar fermerlarga paxta yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar narxini pasaytirish uchun bosim o‘tkazayotgani haqidagi bayonotga qo‘shilmadi. Paxtachilik mutaxassislariga bosim o‘tkazish uchun to‘qimachilik vakillarida ma’muriy resurs yo‘q, deya tushuntirdi u.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi paxta narxi tushirilishi hamda fermerlar majburlanayotganiga munosabat bildirib, 90%dan ortiq fermerlar kelishuvga asosan o‘z shartnomalarini qayta rasmiylashtirganini, subsidiyaga ega bo‘lib, paxta xom ashyosini umumiy qiymati 7 800 so‘mdan topshirayotganini ta’kidladi. Shu bilan birga, shartnoma tuzishga majburlash holatlarida anglashilmovchilik yuzaga kelgani qayd etildi.
Elektr va gaz uchun 100% oldindan to‘lovlar
Avgust oyida Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqovning sanoat sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar bilan uchrashuvida tadbirkor Rustam Bo‘riyev 1-iyuldan belgilangan yuridik shaxslar uchun elektr va gazga to‘lovlarni 100% oldindan amalga oshirish talabini ikki baravarga qisqartirishni taklif qildi.
“Asosiy muammolarimizdan biri elektr energiyasi uchun 100% oldindan to‘lovlardir. Aylanmadan olinadigan pullarimizni oldindan to‘laymiz. Shundan kelib chiqib, [elektr va gaz uchun] 50%ni oldindan to‘lashni, qolgan 50%ni esa mablag‘ sifatida ishlab chiqarishga tatbiq etishni so‘radik”, — dedi tadbirkor.
Shuningdek, tadbirkor, Tojikistonga mahsulotlarini eksport qilishda temir yo‘l orqali yuk tashuvlarini amalga oshirish narxi yuqori ekanligini, bu esa tannarx oshishiga olib kelishini qayd etdi. Bo‘riyev logistika xarajatlarini kamaytirish uchun eksport subsidiyasini ajratishni so‘raganini hamda mazkur masala hokimlikdagi yig‘ilishda ijobiy hal etilganini qo‘shimcha qildi.
Yana bir ishtirokchilardan biri esa subsidiya va imtiyozlar kerak emasligini, balki bozorda adolatli va xolis bo‘lish tarafdori ekanini bildirdi. Lekin, mavzu aynan nima haqida ekanligiga aniqlik kiritilmagan.
20-avgust kuni o‘tkazilgan prezidentning tadbirkorlar bilan ochiq muloqotida tadbirkorlik reytingida “yuqori” va “o‘rta” toifadagi korxonalarga elektr uchun oldindan to‘lovni bir oyda ikkiga bo‘lib to‘lashga ruxsat berilishi ma’lum qilindi.
Shu bilan birga, muloqotda barcha sanoat korxonalari elektr va gazga o‘rnatilgan limit oshib ketsa, to‘lov ikki barobar ko‘p undirilayotganidan norozi bo‘layotgani qayd etilgandi. Sanoatning o‘sishiga ta’sir qiladigan bunday cheklovlar qisqartiriladi. Prezidentning sentabr oyidagi farmoni bilan tadbirkorlar uchun ortiqcha elektr va gaz iste’moliga qo‘shimcha to‘lov 10 baravarga kamaytirilishi belgilandi.
Quyosh panellari butlovchi qismlarini olib kirishdagi bojlar
Ochiq muloqotda iyul oyida quyosh panellarini ishlab chiqarishni boshlagan “Nukus Eleсtroapparat” korxonasi bosh direktori o‘rinbosari Sherzod Shukurov ishlab chiqaruvchilarga quyosh panellari uchun butlovchi qismlarga boj va QQSni bekor qilish taklifi bilan chiqdi.
“Hozirgi kunda tayyor quyosh panellarini olib kelish uchun hech qanday boj yo‘q, investor olib kirsa QQS ham yo‘q. Agar biz [ishlab chiqaruvchilar] butlovchi qismlar olib kelmoqchi bo‘lsak, unga boj ham bor, QQS ham. Bunda chet el mahsulotlari bilan raqobat qilish qiyin bo‘ladi”, — dedi Sherzod Shukurov.
Shavkat Mirziyoyev bu masala to‘g‘ri olib chiqilayotganini, “yashil” iqtisodiyotga o‘tish sharoitida bu noto‘g‘ri qaror ekanini qayd etdi. Shundan kelib chiqib, Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov hamda Bojxona qo‘mitasi raisi Akmalxo‘ja Mavlonovga bir oy ichida tegishli qonun hujjatlariga o‘zgartirish kiritish topshirildi.
Elektromobillar importi uchun bojlarni qaytarish
Iyul oyida avtomobilsozlik va elektrotexnika sohasi tadbirkorlari bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotda “ADM Jizzakh” zavodi bosh direktori Doniyor Davletiyarov elektromobillar importi uchun bojlarni qaytarishni taklif qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistondagi avtomobil bozori “haddan tashqari to‘yingan va qizib ketgan”, shuning uchun u jismoniy shaxslar tomonidan olib kiriladigan avtomobillar importini tartibga solishni taklif qildi. Agar avtomobil ishlab chiqaruvchisi 60dan ortiq texnik talablarga javob berishi kerak bo‘lsa, unda import mahalliy standartlarga javob bermaydi.
Shuningdek, “ADM Jizzakh” bosh direktori avtotransport vositalarini rasmiy dilerlar orqali olib kirish tartibini tiklash tashabbusi bilan chiqdi. Mart oyi oxirida “Gazeta.uz” 1-apreldan avtomobillar importi tartibining kuchaytirilishi kutilayotgani haqida yozgandi. Biroq Vazirlar Mahkamasining qarori rasman e’lon qilinmagan.
Doniyor Davletiyarov asosan Xitoydan olib kelingan va mahalliy talablarga javob bermaydigan elektromobillar uchun yangi sertifikatlash talablarini joriy etishni taklif qildi.
Shundan so‘ng, bu keng jamoatchilik o‘rtasida muhokamalarga sabab bo‘ldi. Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov mazkur masala o‘rganib chiqilganini, uni 100% qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi. U Davletiyarov olib chiqqan masala monopoliya bilan bog‘lik emasligini, bunga kengroq qarash kerakligini aytdi.
Lift o‘rnatishdagi muammolar
Tadbirkorlar bilan uchrashuvda Navoiy EIZda joylashgan “Golden Lift” qo‘shma korxonasi vakili sertifikatlash vakolatini tadbirkorlarning o‘ziga berishni taklif qildi.
Kompaniya vakili o‘z so‘zida 2023-yilgacha — besh yil davomida ishlab chiqarish yaxshi bo‘lganini, biroq, 2024-yilga kelib bu sertifikatlash bo‘yicha yuzaga kelgan muammolar sabab oqsab qolganini, ishchilariga javob berib yuborganini bildirdi. “Bizga o‘z-o‘ziga sertifikat berish vakolatini berishingizni so‘rardik”, — dedi tadbirkor.
“Juda ham ko‘p joylarga chiqqanmiz, besh yildan buyon lift o‘rnatib kelayotgan bo‘lsak, hech qanday muammo bo‘lmagan, hozir sertifikatlash bo‘yicha shu muammo bo‘lgani uchun ishimiz to‘xtab qolgan”, — deya xulosa qildi u.
Texnik jihatdan tartibga solish agentligi direktori Akmal Jumanazarov hozirda sertifikatlarni o‘zaro tan olish bo‘yicha xorijiy mamlakatlar bilan muzokaralar olib borilayotganini ma’lum qildi. Bular qatorida Italiya, Rossiya hamda Turkiya kabilar bor. Shuningdek, u lift bo‘yicha hech qanday muammo yo‘qligini, bu masalaga aniqlik kirtilishini qayd etdi.
Biznes-ombudsman Dilmurod Qosimov esa tadbirkor murojaatiga javoban, Adliya vazirligiga ham sertifikatlash tizimini yengillashtirish bo‘yicha topshiriq berilganini bildirdi.
Elektromobillarni zaryadlash stansiyalaridagi majburiy o‘chirilishlar
Bir nechta bozor ishtirokchilari “Spot"ga stansiyalardagi birinchi uzilishlar yaqinda boshlanganini xabar berdi. Kompaniyalar o‘chirilishlar haqida ogohlantirilmaganini hamda huquqiy hujjatlar taqdim etilmaganini ta’kidlashdi. Bu haqida ular stansiyalar faoliyatini nazorat qilish vaqtidagina bilib olishgan.
Energetika vazirligi matbuot kotibi Hasan Toshxo‘jayevning “Spot"ga ma’lum qilishicha, vazirlik tomonidan elektromobillarni quvvatlash stansiyalari faoliyatiga hech qanday cheklovlar kiritilmagan. “Energetika vazirligi O‘zbekistonda elektromobillarni ommalashtirish tarafdori”, — dedi vazirlik matbuot kotibi.
Shuningdek, u havo haroratining keskin pasayishi natijasida elektr energiyasi taqchilligi kuzatilmayotganini, ishlab chiqarish quvvatlari mavjud talabni qoplayotganini qayd etdi.
Rahbar va xodim o‘rtasidagi munosabatlar
Sentabr oyida Toshkent shahridagi “Inbazar” savdo markazi mas’uli hamda uning qo‘l ostidagi xodimi bilan sodir bo‘lgan holat mamlakatda rahbar va xodim o‘rtasidagi munosabatlar qanday bo‘lishi kerakligi borasidagi muammolarni yuzaga chiqardi.
Biznes vakillari o‘zini hurmat qilgan tadbirkor xodimini hatto haqorat qilmasligini, mazkur kompaniya faoliyatida strategik jihatlar, xodimlar bilan ishlashish ko‘nikmalari yetishmasligini qayd etdilar.
“Asaxiy” va “Asaxiy Books” asoschisi Firuz Allayev aqlli tadbirkor xatolarning oldini oluvchi tizim yaratishini, undan o‘tgan xatolarni ham yechadigan aniq qoidalarni shakllantirishini qayd etdi.
“Profi” xususiy ta’lim muassasalari tarmog‘i asoschisi Bektosh Hatamov “Inbazar"da HR yo‘qligini, mavjud bo‘lgan taqdirda ham uning o‘rni ko‘rinmasligini, xodimlar bilan ishlashda aniq belgilangan instruksiyalar mavjud emasligini ta’kidladi.
“VSEBUDET” kreativ agentligi hammuassisi Vitaliy Xalzunov esa yuz bergan holat unchalik ham ajablanarli bo‘lmaganini, aksincha, u keltirib chiqargan “shovqin” odamlarni hayratlantirib qo‘yganini aytdi.
Shuningdek, “Korzinka” supermarketlar tarmog‘i marketing direktori Malik Karimov kompaniya va uning asoschisining vaziyatdan chiqib ketishga bo‘lgan harakatini alohida e’tiborga olish kerakligini, ularning PR-sohasi ham yomon ahvolda ekanligini ta’kidladi.
Investitsiya kiritish va mijozlarni topish
“U-Enter” markazi va “ERGO Analytics” tomonidan o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, O‘zbekistondagi startapchilar ko‘pincha investitsiya kiritish va mijozlarni topishda qiyinchiliklarga duch kelishadi.
Tadqiqot startap-loyihalarining 310 nafar asoschisini qamrab oldi. Ularning uchdan bir qismidan ko‘prog‘i moliyalashtirishni asosiy muammo sifatida ko‘rsatdi. Undan keyin xaridorlarni qidirish (21%), buxgalteriya va yuridik xizmatlar (14%) va xodimlarni tanlash (12%) turibdi.
Loyiha asoschilarining qariyb yarmi muvaffaqiyatsizlikka uchrashganini aytishdi. Bu asosan investitsiyalar yetishmasligi (35%) bilan bog‘liq, shuningdek, ko‘pchilik bilim va ko‘nikmalarning kamligi (24%) va kuchsiz jamoani (15%) ham qayd etishgan.