Avvalroq “UzAuto Motors” 19-dekabr kuni “Chevrolet Cobalt” avtomobili uchun kontraktatsiyani ochishi haqida xabar berilgandi.
Payshanba kuni o‘tkazilgan shartnoma berish jarayoni qariyb ikki soat davom etib, soat 11:56 holatiga yakunlangan. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati ma’lum qildi.
“GX-Style AT Plus” va “GX-Midnight AT” modifikatsiyasi uchun jami 12 688ta shartnoma tuzildi. Shundan 12 646tasi “One-ID” tizimida ro‘yxatdan o‘tgan jismoniy shaxslar, 42tasi esa yuridik shaxslar tomonidan amalga oshirilgan.
O‘z navbatida, realizatsiya qilingan avtomobillarning 2 751 donasi “GX-Style AT Plus”, 9 937 donasi “GX-Midnight AT” hissasiga to‘g‘ri keladi. Kontraktatsiya jarayonida kompaniya Call-markazi orqali 674 mijoz murojaati qabul qilinib, ko‘rib chiqildi.
“UzAuto Motors” fuqarolardan firibgarlardan ehtiyot bo‘lishlarini, e’lonlar sayti va boshqa servislar orqali “shartnoma sotib olish” bo‘yicha shubhali takliflarga rozi bo‘lmasliklarini so‘ramoqda. “UzAutoSavdo” platformasida xaridor yoki diler mijoz ma’lumotlarini o‘zgartirish imkoniyatiga ega emas.
Kompaniya 22-noyabr kuni “GX-Style AT Plus” va “GX-Midnight AT” uchun shartnoma tuzishi ma’lum qilingandi. Shu kuni, 10 soat ichida mazkur modellar uchun jami 55 494ta shartnoma berilgan.
Undan keyin, 11-dekabr kuni to‘lov qilinmagan hajm qayta sotuvga chiqarildi. Kompaniya qariyb 6 soat ichida GX-Style AT Plus va GX-Midnight AT uchun 22 mingtadan ortiq shartnoma tuzgan.