“IT Park” Saudiya Arabistonining Kichik va o‘rta biznes bosh boshqarmasi (“Monsha'at”) bilan hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi. Bu haqda texnopark matbuot xizmati xabar berdi.

“IT Park” bosh direktori Farhod Ibragimov boshchiligidagi delegatsiya “Monsha'at” kompaniyasining biznesni rivojlantirish bo‘yicha mutaxassisi Duxu al-Hajriy va xizmatlarni rivojlantirish bo‘yicha direktori Hamza al-Suayed bilan muzokaralar o‘tkazdi.

Muzokaralarning asosiy mavzusi o‘zbekistonlik startaplar uchun yangi imkoniyatlar yaratish bo‘ldi.

Uchrashuvda O‘zbekiston tomoni “IT Park"ning Ar-Riyoddagi vakolatxonasini “Monsha'at” a’zolari qatoriga kiritishni taklif qilishdi.

Bu o‘zbekistonlik kompaniyalarga qirollikda o‘tkaziladigan biznes tadbirlariga kirish va o‘z tovar va xizmatlarini taqdim etish imkoniyatini berishi kutilmoqda.

Ikki o‘zbekistonlik kompaniya 2025-yil fevral oyida Saudiya Arabistonidagi “IT Park Uzbekistan” vakolatxonasi orqali faoliyatini boshlashga tayyorlanmoqda.

“Monsha'at” o‘z dasturlari orqali o‘zbek startaplarini qo‘llab-quvvatlashga ham qiziqish bildirdi. Bu O‘zbekistondan bo‘lgan yosh kompaniyalarga sarmoya kiritish uchun Saudiya Arabistonining venchur fondlarini jalb qilishni o‘z ichiga oladi.

Bunday qadam nafaqat startaplarga moliyaviy yordam beradi, balki Yaqin Sharq bozorida ekspert ko‘magi va keng ko‘lamli imkoniyatlardan foydalanish yo‘lini ham ochadi.

Muzokaralar natijasida Saudiya delegatsiyasining 2025-yil may oyida O‘zbekistonga tashrifi rejalashtiriladigan bo‘ldi.

Ushbu tadbir o‘zbekistonlik kompaniyalar uchun o‘z imkoniyatlarini namoyish etish va investorlar hamda hamkorlar bilan bevosita aloqalar o‘rnatish uchun muhim platforma vazifasini o‘taydi.


Avvalroq “Spot” “IT Park” Janubiy Koreyada o‘z vakolatxonasini ochgani haqida yozgandi.

Bu orqali Koreya bilan o‘yin ishlab chiqarish, SmartPharm hamda bulutli texnologiyalar sohalarida kichik alyanslar tashkil etsih rejalashtirilmoqda.