Shavkat Mirziyoyev 18-dekabr kuni “Tashkent Pharma Park” innovatsion klasterida farmatsevtika sohasidagi korxonalar rahbarlari bilan muloqot qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Oxirgi yetti yilda farmatsevtikada ishlab chiqarish 2 karra oshgan, eksport 11 barobar ko‘paygan. $750 mln investitsiya o‘zlashtirilib, korxonalar soni 3 barobar o‘sgan.
Mamlakatda ishlab chiqarilayotgan 3,5 ming turdagi dori vositalari va tibbiy buyumlar talabni to‘la qoplamayotgani, shu bois davlat rahbari ko‘p turdagi dorilarni mahalliylashtirish va eksportni kengaytirish bo‘yicha muhim tashabbuslarni ilgari surdi.
“Asakabank” va Farmatsevtika agentligiga yirik mahalliy korxonalar bilan birga 2025-yilda keng iste’mol qilinadigan 200 turdagi dori vositalarini o‘zlashtirish hamda ishlab chiqarishni 2 barobar oshirish bo‘yicha dastur tayyorlash topshirildi. Bunday loyihalarga xorijdan jalb qilingan $400 mln qulay shartlarda yo‘naltiriladi.
Farmatsevtika tarmog‘ida Ilg‘or loyihalar investitsiya jamg‘armasi tashkil qilinadi. Bu jamg‘arma biofarmatsevtika, hujayra texnologiyalari, onkologiya kabi yo‘nalishlardagi loyihalarga ulush bilan kiradi, ularga katalizator bo‘ladi.
Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan “Asakabank"ka sohani rivojlantirish uchun ochilgan $100 mln kredit liniyasi lizing uchun ham beriladi. Bank tomonidan farmatsevtika sohasida yangi ishlanmalarni tijoratlashtirish va startap loyihalarni moliyalashtirish uchun $10 mln venchur kompaniya ochiladi. Startap loyiha chetdan qancha mablag‘ jalb qilsa, mazkur kompaniya shuncha pulni qo‘shimcha ekspertizasiz beradi.
Yangi ishlanmalar uchun Innovatsiya jamg‘armasidan 20 mlrd so‘m grant ajratiladi. Bu olimlar yaratayotgan yangi mahalliy dori ishlanmalarini tijorat loyihasiga aylantirish va startaplar uchun yo‘naltiriladi.
Mahalliy farmatsevtika korxonalariga 2025-yilgacha berilgan bojxona imtiyozlari muddati yana 3 yilga uzaytiriladi.
Mamlakat korxonalari yetakchi xorijiy farmatsevtika kompaniyalari texnologiyasi va retsepti asosida dorilar chiqarishga tayyor. Lekin bunday kooperatsiya uchun huquqiy asos yaratilmagani sababli har bir dorini yangi mahsulot kabi klinik tadqiqot va ro‘yxatdan o‘tkazishga to‘g‘ri kelayapti. Bunga ko‘p vaqt ketadi. Shu bois bu tartibni soddalashtirish muhimligi aytildi.
Tadbirkorlarning eksport bozorlarini kengaytirish uchun AQShning Oziq-ovqat va dori vositalari sifati nazorati boshqarmasi (FDA) hamda Yevropa tibbiyot agentligi sertifikatlarini olish xarajatlari budjetdan qoplab beriladi.
Mamlakatda o‘simliklarni sanoat usulida yetishtirib, qayta ishlash orqali substansiya va kosmetik komponent olish rivojlanayapti. Shunga muvofiq, “Asakabank” ishtirokida kelgusi yilda har biri 5 gektardan bo‘lgan dorivor o‘simliklar plantatsiyasi barpo etilib, ularni qayta ishlash bo‘yicha 5ta namunaviy loyiha bajariladi.
Farmatsevtikada $1 mlrdlik loyihalar shakllantirilishi belgilandi. Ular talab yuqori dori vositalarini chet elnikidek sifatda ishlab chiqarib, bozorda raqobat yaratib, narxlarni arzonlashtirishga qaratilgan.
Avvalroq “Spot” dori-darmon aylanmasi bo‘yicha postmarketing nazorati yo‘lga qo‘yilishi haqida yozgandi. Bunda har oyda dori vositalari va tibbiyot buyumlarinining nazorat xaridlari amalga oshiriladi.