O‘zbekistonda uy-joy ko‘chmas mulk bozori o‘z mavqeini mustahkamlamoqda. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tahlilida qayd etilgan.
Noyabr oyida ko‘chmas mulk bozori ijobiy tendensiyani saqlab qolishda davom etdi. Savdolar 21,9 ming bitimni tashkil etib, oktabr oyidagi ko‘rsatkichdan 2,5%ga oshdi.
Shu bilan birga, yillik hisobda ko‘chmas mulk bozorida faollik 0,8%ga o‘sdi.
Noyabr oyida hududlar kesimida ro‘yxatga olingan ko‘chmas mulk bitimlarining o‘sish dinamikasi Xorazm va Buxoro viloyatlarida mos ravishda 15,6% va 8,4%ga ijobiy tendensiyalarni ko‘rsatmoqda.
Toshkent mamlakatning poytaxti va eng yirik shahri sifatida ko‘chmas mulk bozori umumiy hajmining 30%dan ortig‘ini egalladi, faollik darajasi esa 9,3%ga oshdi.
Toshkentda uy-joy ijarasi
Noyabr oyida Toshkent shahridagi ijara bozorida turg‘unlik qayd etildi. Bir kvadrat metr uchun o‘rtacha ijara narxi $8,3ni tashkil etdi, bu joriy yilning iyun oyi ko‘rsatkichiga mos keladi.
Poytaxtning Mirobod, Shayxontohur va Yakkasaroy tumanlarida ijara narxi yuqoriligicha qolmoqda, bu tumanlarda ijara narxi bir kvadrat metr uchun o‘rtacha $10−11ni tashkil etadi.
Shu bilan birga, Toshkent shahrida o‘rtacha ijara narxi o‘tgan yilga nisbatan 10,7%ga pasaydi. Yil davomida narxlarning eng katta pasayishi Uchtepa — 14,5%, Yashnobod — 14,3% va Yunusobod — 13,8% tumanlarida qayd etildi.
Ikkilamchi uy-joy bozori
Bir oy ichida Respublika bo‘yicha ikkilamchi uy-joy narxlari deyarli o‘zgarmagan holda atigi 0,3%ga o‘sdi, o‘tgan yilga nisbatan 6,2%ga o‘sish qayd etildi.
Yil davomida bozorning ushbu segmentida sezilarli o‘sish Surxondaryo — 18,1%, Buxoro — 11,9% va Qashqadaryo — 10,2% viloyatlarida qayd etildi.
Ikkilamchi uy-joylarning eng maqbul narxi Qoraqalpog‘iston Respublikasida bo‘lib qolmoqda, bu yerda kvadrat metr uchun o‘rtacha narx $333ni tashkil etada.
Toshkent shahrida ikkilamchi uy-joylarning o‘rtacha narxi oy davomida atigi 0,2%ga oshib, $1,1 mingdan sal ko‘proqni tashkil etdi.
Poytaxtning Bektemir — 4,4%, Yashnobod — 2,4% va Shayxontohur — 2,2% tumanlarida narxlar sezilarli darajada oshgani qayd etildi.
Umuman olganda, respublika bo‘yicha ikkilamchi bozorda bir kvadrat metr uy-joyning o‘rtacha qiymati yil davomida 6,2%ga oshgan bo‘lsa, Toshkent shahrida shu davrda 1,5% pasayish kuzatildi.