O‘zbekistonda quyosh panellari o‘rnatgan fuqarolarga 10 mlrd so‘mdan ziyod subsidiya berildi. Bu haqda Soliq qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Joriy yilning yanvar-oktabr oylarida “Quyoshli xonadon” dasturi doirasida 6 536 nafar jismoniy shaxsga to‘lovlar amalga oshirilgan.
Elektr tarmoqlariga o‘tkazilgan 10,56 mln kVt/soat quyosh energiyasi uchun ajratilgan to‘lovlar miqdori 10,56 mlrd so‘mni tashkil etdi. Shundan 5,75 mlrd so‘mi avgust-oktabr oylariga to‘g‘ri keladi.
Subsidiyaning eng katta qismi Xorazm viloyatiga ajratilgan — 2,4 mlrd so‘m. Undan keyingi o‘rinlarda 1,7 mlrd so‘m bilan Qoraqalpog‘iston hamda 1,4 mlrd so‘m bilan Toshkent shahri turibdi.
2023-yil boshida prezident aholi uchun quyosh energiyasidan foydalanuvchi tizim yaratish vazifasini qo‘ydi. Undan keyin hududlarda aholi xonadonlariga kichik quvvatli quyosh panellarini o‘rnatishni rag‘batlantirish bo‘yicha “Quyoshli xonadon” dasturi amalga oshirilishi belgilandi.
Dastur 1-apreldan amalga oshirila boshlandi. Uning doirasida quyosh panellari orqali ishlab chiqarilgan ortiqcha elektr energiyasi bir kVt/soati uchun 1 000 so‘mdan davlat tomonidan sotib olinadi. Subsidiyalarni “Soliq” mobil ilovasi orqali olish mumkin.
O‘sha yilning iyun oyida aholi va tadbirkorlar tomonidan ishlab chiqarilgan elektrni sotish va unga subsidiya olish tartibi tasdiqlandi.
Joriy yilning iyun oyida energotejamkor qurilmalarni o‘rnatganlarga tarifga nisbatan chegirma berilishi ma’lum qilindi. Ularga 3 yil davomida amaldagi tarifga nisbatan 15% chegirma qo‘llaniladi.