Yangi yil bayrami arafasida “Toshkent” avtovokzalidan har kuni shaharlararo yo‘nalishlarda 20dan ortiq avtobus qatnovlari tashkil etiladi. Bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Xususan, 20-dekabrdan 31-dekabrga qadar Toshkentdan Navoiy, Zomin, Jarqo‘rg‘on, Shahrisabz, Qarshi, Qorako‘l, Termiz, Denov, G‘uzor va Uzun yo‘nalishlarida kundalik belgilangan reyslardan tashqari yo‘lovchilar oqimidan kelib chiqqan holda kun davomida qo‘shimcha avtobus qatnovlari yo‘lga qo‘yiladi.

Qo‘shimcha avtobus reyslari hamda qatnov jadvallari to‘g‘risidagi batafsil ma’lumotlarni “Toshkent” avtovokzali rasmiy kanali orqali bilib olish mumkin.

Yo‘lovchilar chiptalarni “Toshkent” avtovokzali chiptaxonalaridan hamda “ATTO”, “UzBus” mobil ilovasi orqali onlayn tarzda sotib olishi mumkin.

Avvalroq “O‘zbekiston temir yo‘llari” qishki ta’tilda qo‘shimcha qatnov va vagonlarni yo‘lga qo‘yayotgani haqida xabar berilgandi.

Qo‘shimcha qatnov 15-dekabrdan 12-yanvargacha ikkita yo‘nalishda tashkil etiladi. Yana to‘rtda yo‘nalishda qo‘shimcha vagonlar qo‘yiladi.

Shuningdek, “Uzbekistan Airways” ham qo‘shimcha qatnovlarni yo‘lga qo‘yayotganini ma’lum qildi.

Qo‘shimcha 27ta parvoz Toshkent bilan Nukus, Urganch Buxoro hamda Termiz shaharlari o‘rtasida amalga oshiriladi.