Shavkat Mirziyoyev raisligida tadbirkorlikni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha joriy yil yakunlari va 2025-yilga asosiy rejalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi hamda yetakchi tadbirkorlar bilan muloqot bo‘lib o‘tmoqda. Bu haqda prezident matbuot kotibi ma’lum qildi.

Muloqotda so‘nggi yillarda iqtisodiyotda pul ko‘paygani, investitsiya loyihalarini barqaror moliyalashtirish mustahkam asosi yaratilgani ta’kidlandi.

Jumladan, korxonalarning banklardagi mablag‘lari 20 trln so‘mga oshib, 107 trln so‘mga yetdi. Aholi omonatlari ham 25 trln so‘mga ko‘payib, 105 trln so‘m bo‘lgan

“Bu banklarimiz barqar rivojlanayotgani, ularga aholi va tadbirkorlarimiz ishonchi ortib borayotganidan dalolat ekani” deya ta’kidladi prezident.

Yil yakuni bilan ajratilgan jami kreditlar 275 trln so‘mni tashkil qiladi. 2025-yilda bu 300 trln so‘mdan oshishi hisob-kitob qilingan.

Ayniqsa, kichik biznesga beriladigan kreditlar ulushi hozirgi 28%dan 40%ga oshirilib, 120 trln so‘mga yetkaziladi.

Tadbirkorlar ehtiyojidan kelib chiqib banklarimiz 2025-yilda chetdan davlat kafolatisiz $6 mlrd jalb qilishi rejalashtirilgan.

Yig‘ilishda biznes uchun yo‘l, suv, elektr, gaz, temir yo‘l kabi infratuzilma obyektlarini yaxshilashga bu yil 35 trln so‘m yo‘naltirilgani, kelgusi yil yana 43 trln so‘m ajratish rejalashtirilgani qayd etildi.

Ta’kidlanishicha, korxonalarni barqaror energiya bilan ta’minlash uchun elektr ishlab chiqarish 82 mld kilovatt-soatga yetdi.

Bu yil ishga tushgan $6,3 mlrdlik 17ta yirik “yashil” va yangi texnologiyaga asoslangan energiya quvvatlari hisobiga kelgusi yilda qariyb 90 mlrd kilovatt-soat elektr ishlab chiqariladi.

Bu ishlar davom ettirilib, 2025-yilda yana $6,4 mlrdlik 25ta loyiha doirasida 4,8 gigavatt yangi quvvatlar barpo etiladi.

Endi energiya sohasida ham raqobatli bozorga o‘tish vaqti kelgani qayd etildi. Hozirgi kunda mamlakatda mustaqil energiya ishlab chiqaruvchilar soni 24taga yetdi. Ilk bor 2025-yilda elektr energiyasining onlayn ulgurji bozori ishga tushadi.