Avvalroq “Spot” Buxoro viloyati IIB kiberxavfsizlik bo‘limi 17 yoshli yigitni $2,7 mlnlik kriptovalyuta muomalasi uchun qo‘lga olgani haqida xabar bergandi.
Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov bu holat yuzasidan fikr bildirdi. U ijtimoiy tarmoqlarda ko‘pchilik qo‘lga olingan shaxs katta miqdordagi pulni mustaqil ravishda topgan, degan fikrlarni bildirganini ta’kidladi.
Aslida esa, bu faollar ta’kidlagan “iqtidor” egasi oddiy “virtual valyutchik"lik faoliyati bilan shug‘ullanib kelgan, deya qayd etdi G‘iyosov.
Bugungi kunda “Telegram"dagi yopiq (anonim) kanallar, guruhlarda kriptovalyutani sotishga, sotib olishga chaqiradigan resurslar ko‘paygan. G‘iyosovning ta’kidlashicha, ushbu kanallarda “sotuvchi” va “xaridor"lar o‘zaro tanishadi va elektron pullarini kriptovalyutaga yoki kriptovalyutani pulga aylantirib bergan holda “virtual valyutchik"lik bilan shug‘ullanishadi.
Shu ko‘rsatgan xizmatlari uchun ular o‘tkazib bergan pullari miqdorining 0,1−2%i miqdorida vositachilik haqi olishadi (o‘tkazib bergan pulining anonimligi qancha yuqori bo‘lsa, olib qolinadigan foiz to‘lovi ham shunga mos bo‘ladi).
Buning uchun “virtual valyutchik"lar bitta kriptovalyutani boshqasiga almashtirish yoki uni pulga (dollar, yevro, rubl va boshqalar) aylantirish imkonini beruvchi “Binans” kabi maxsus platformalardan foydalanadilar.
Kriptovalyutalardagi tranzaksiyalarning anonimligi, hisob-kitoblarning tezligi va qulayligi ularga firibgarlik, giyohvand moddalar savdosi va boshqa noqonuniy harakatlar bilan shug‘ullanuvchi jinoiy guruhlarni jalb qiladi.
G‘iyosovning ta’kidlashicha, ushbu muhitdagi hisob-kitoblarning aksariyati kriptoaktivlardan foydalanadi.
“Kriptovalyuta ayriboshlovchilar („virtual valyutchiklar“) esa, o‘zi bilib yoki bilmagan holda yuqoridagi kabi ishlarda vositachi bo‘lib qolayotganligi albatta tashvishli holat”, — dedi IIV matbuot kotibi. Bu jarayonda albatta davlat nazorati bo‘lishi kerak, tartibotlar va qoidalarga rioya qilinishi esa shart va zarur.
Xususan, yuqorida tilga olingan jinoyat ishida gumonlanayotgan 17 yoshli Z.M. 7 oy davomida “Binans” platformasida 4 mingdan ortiq 34 mlrd so‘mlik shubhali vositachilik (“virtual valyutchik"lik) operatsiyalarini amalga oshirgan hamda vositachilik haqi undirib kelgan.
Bu holatda ayonki 34 mlrd so‘m ishlab topilgan “iqtidorli” yigitning daromadi emas, balki tizimdan o‘tkazilgan boshqa bir insonlarning puli summasidir.
Mazkur operatsiyalar tahlil qilinganda Z.M. aylantirgan mablag‘larning aksariyat qismi pensiya, oylik, onlayn kredit kartalaridan kelib tushganligi ma’lum bo‘ldi, ya’ni ushbu mablag‘lar firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirilgan pullarni legalizatsiya qilishga va ularni izini yo‘qotishga qaratilgan harakat ekanligi gumon qilinmoqda. Bunga javobni esa tergov va sud organlari beradi. Aybsizlik prezumpsiyasiga ham to‘liq amal qilinadi.
Shu bois, ushbu jinoyat ishi to‘g‘risida chiqishlar qilayotgan ayrim tarmoq foydalanuvchilari o‘z harakatlari bilan jamoatchilikni chalg‘itib, uning xolis tergov qilinishiga xalaqit qilishini oqlab bo‘lmaydi.
“Ish materiallaridan xabari bo‘lmasdan, bu boradagi qonunchilik talablari bilan tanishmasdan turib, bilmasdan turib, bu kabi chalg‘ituvchi va noprofessional populistik chiqishlar juda achinarlidir”, — deya xulosa qildi G‘iyosov.
Avvalroq “Spot” Samarqandda mayning ferma 1,8 mlrd so‘mlik elektr energiyasini talon-toroj qilingani haqida yozgandi.
Xususan, Ishtixon tumanida korxona rahbari mayning qurilmalarini elektr tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulash orqali 2 mln kVt soat elektr energiyasini o‘g‘irlagan.