“Hududgazta'minot” ijtimoiy tarmoqlarda gaz hisoblagichlarining “batareyka"lari haqida e’lon qilingan murojaatlar yuzasidan quyidagilarni ma’lum qiladi.
Qayd etilishicha, mutaxassislar tomonidan iste’molchilardagi (“batareyka” yoki aloqadagi muammo sabab) aloqaga chiqmayotgan elektron gaz hisoblash uskunalari (EGHU) monitoringi yuritilib kelinadi.
Ushbu monitoring asosida kamchilik aniqlangan EGHUlar respublikadagi 2 mingga yaqin mahalla gazchilari tomonidan o‘rganilib, muammolar hal etilmoqda.
Shu bilan birga iste’molchilarning “batareyka” yoki aloqa sim kartasi bilan bog‘liq murojaatlari zudlik bilan bartaraf etilmoqda.
Qayd etish kerak, iste’molchilarga o‘rnatilgan uskunalar xotirasi doimiy ravishda ko‘rsatkichlarni hamda 3 oylik (90 kunlik) kunlik va soatlik gaz sarfi hajmlarini saqlab borish imkoniga ega.
Turli sabablarga ko‘ra EGHUdagi gaz sarfi hajmlari ma’lumotlari o‘z vaqtida iste’molchi shaxsiy hisob raqamiga yuborish imkoni bo‘lmagan taqdirda, aniqlangan muammolar bartaraf etilganidan so‘ng EGHU xotirasida ma’lumotlar qaysi kunga tegishli bo‘lsa o‘sha kunga yo‘naltiriladi va mazkur davr bo‘yicha hisob-kitob amalga oshiriladi.
Shu o‘rinda “Hududgazta'minot” iste’molchilardan vaqti-vaqti bilan EGHU va shaxsiy kabinetdagi ko‘rsatkichlarni o‘zaro solishtirishni tavsiya qiladi. Ko‘rsatkichlar haqida “Hudud Gaz Ta’minot” mobil ilovasi orqali yoki shaxsiy kabinet orqali ma’lumot olish mumkin.
Agar uskuna va shaxsiy kabinetdagi ko‘rsatkichlar farq qilsa yoki hisob-raqamdagi mablag‘lar o‘zgarishsiz qolganini sezilsa, darhol 1104 qisqa raqamiga yoki mahalla gazchisiga murojaat qilish kerak.
Avvalroq “Hududgazta'minot” gaz nazorati va to‘lovi uchun mobil ilovani ishga tushirgani haqida yozgandi.
Ilova orqali kunlik va oylik tabiiy gaz iste’moliga oid ma’lumotlarni olish hamda hisob raqamiga to‘lov qilish mumkin.