Shavkat Mirziyoyev 19-dekabr kuni gaz qazib olishning joriy holati va uni yanada oshirish chora-tadbirlari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
“O‘zbekneftgaz” raisi Bahodir Siddiqov joriy yilda bajarilgan ishlar hamda 2025-yilgi ustuvor vazifalar to‘g‘risida axborot berdi.
Sohada xorijiy kompaniyalar ishtirokida kelasi yil gaz qazib chiqarish hajmini barqarorlashtirish loyihalari shakllantirildi. Xususan, zamonaviy texnologiyalar jalb qilinib, yangi ekspluatatsiya quduqlari burg‘ilanadi hamda eskilari ta’mirlanadi.
Geologiya-qidiruv ishlariga uzoq yillar yetarlicha e’tibor qaratilmagani oqibatida ayrim konlar foydalanish muddatini deyarli o‘tab bo‘lgani, yana ba’zilarining samaradorligi past ekanligi qayd etildi.
Shuning uchun zamonaviy texnologiya olib kelinib, 15ta yangi istiqbolli maydonda geologiya-qidiruv ishlari boshlanadi. Seysmik qidiruv hududi 6,5 ming kv.km.ga kengaytiriladi.
Mutasaddilarga yirik xorijiy kompaniyalar va ekspertlarni jalb etgan holda, geologiyani rivojlantirish va yangi konlarni o‘zlashtirish bo‘yicha 2025-yil uchun dastur ishlab chiqish topshirildi.
“O‘zbekneftgaz"da transformatsiyani davom ettirib, tannarxni kamaytirish, xalqaro kredit reytingini yaxshilash vazifa qilib olingan. Kelgusi yilda ishlab chiqarish va geologiya-qidiruv loyihalarini moliyalashtirish uchun xalqaro manbalardan mablag‘ jalb qilinishi mo‘ljallangan.
Davlat rahbari sohada investitsiyalar, yangi texnologiyalar bilan birga kadrlar masalasi muhim ekanini ta’kidladi. O‘qitish sifatini oshirib, zamonaviy mutaxassislar tayyorlash, chet elda ishlayotgan malakali vatandoshlarni taklif etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Avvalroq Turkmaniston O‘zbekistonga gaz yetkazib berish hajmini oshirishi haqida xabar berilgandi. Bundan tashqari, tomonlar qo‘shma gaz loyihalarini amalga oshirish istiqbollarini ko‘rib chiqishmoqda.