Shavkat Mirziyoyev 19-dekabr kuni investitsiya bo‘yicha 2024-yildagi natijalar sarhisobi va kelgusi yilgi vazifalar muhokamasi yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, 2017-yildan buyon mamlakat iqtisodiyotiga barcha manbalar hisobidan $188 mlrd investitsiya kiritilgan. Shundan $87 mlrdi chetdan jalb qilingan.

Natijada investitsiyalarning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 30%dan oshib, barqaror iqtisodiy o‘sishga zamin bo‘layapti.

Bu yil iqtisodiyotga kiritilgan investitsiyalar hajmi 1,3 baravar ko‘payib, 36 mlrddan oshdi. Bularning hisobiga yil boshidan buyon qo‘shimcha 70 trln so‘mlik qiymat beradigan 560ta yirik va o‘rta loyihalar ishga tushirildi. Kelasi yildan eksportni yana 1 mlrd dollarga oshirish imkoniyati paydo bo‘ldi.

Yig‘ilishda investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri 2025-yilgi rejalar to‘g‘risida axborot berdi.

Unga ko‘ra, kelgusi yil $43 mlrdlik investitsiyalarni o‘zlashtirish ko‘zda tutilmoqda. Bu orqali 300dan ortiq yirik loyiha bajarilishi, import o‘rnini bosuvchi 662ta yangi mahsulot ishlab chiqarilishi kutilmoqda.

Davlat rahbari buning uchun xorijiy investorlar bilan manzilli ishlab, yanada qulayliklar yaratish, erishilgan barcha kelishuvlarni yuqori darajada amalga oshirish zarurligini ta’kidladi.

Shuningdek, bugungi kunda 1 ming 890 ta loyiha bo‘yicha ish ketmoqda. Ularning ijrosini jadallashtirish uchun mas’ullar belgilandi.

Yig‘ilishda tashqi savdo masalalariga ham e’tibor qaratildi.

Jahonda kuzatilayotgan murakkab vaziyatda bu o‘z-o‘zidan bo‘lmaydi. Eksport-logistika zanjirlari qiyinlashayapti, asosiy eksport bozorlarimizda tayyor mahsulot olish kamayyapti.

Bunday sharoitda ichki imkoniyatlarni to‘liq safarbar qilib, iqtisodiy taraqqiyot sur’atlarini oshirish zarurligi ta’kidlandi.

2030-yilgacha mamlakatimizning yillik eksport hajmini 2 barobar oshirib, $45 mlrdga olib chiqish maqsadi belgilangan.

Bu rejadagi investitsiyaviy loyihalarni o‘z vaqtida ishga tushirib, yuqori qiymatli mahsulot va xizmatlarni ko‘paytirishni, eksport geografiyasini kengaytirishni talab etadi.

Mutasaddilarga rejalar ijrosini doimiy tahlil qilib, ishni joylarda sifatli tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.