Avvalroq Shavkat Mirziyoyev raisligida tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha joriy yil yakunlari va 2025-yilga rejalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilayotgani haqida xabar berilgandi.
Unda IT va fintex sohalariga e’tibor qaratildi. Aholining 56%i yoshlarni tashkil etishi, bu esa sohada katta salohiyat, ish o‘rni, yuqori daromad mavjudligini ko‘rsatishi ta’kidlandi.
IT, fintex, innovatsiyalar, telekommunikatsiya kabi sohalarni xususiy korxonalar tez rivojlantirishi, yaratilgan sharoit tufayli qiymati $1 mlrddan oshgan “TBC Uzbekistan” va “Uzum” xususiy kompaniyalari paydo bo‘lgani qayd etildi. Bunday kompaniyalar ko‘payishi uchun sharoitlar yaratiladi.
Ularga rivojlanish va tadqiqot markazlari (R&D) uchun laboratoriya jihozlari, texnologik uskunalarni bojsiz olib kelishga ruxsat beriladi.
IT, fintex, tadbirkorlikni moliyalashtirish, eksport, turizm, xizmatlar, yashirin iqtisodiyotni qisqartirish kabi masalalar bo‘yicha Jamoatchilik kengashida ekspertlik guruhlarini tashkil qilish kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.
Oxirgi 3 yilda Bojxona kodeksining 100dan ortiq moddasiga o‘zgartirish kiritildi. Prezident uning qoidalari ham JST, ham tadbirkorlarning talabiga mos emasligi bois yangilangan Bojxona kodeksi loyihasini ishlab chiqish zarurligini aytdi.
Yig‘ilishda ichki bozor bilan cheklanmasdan, eksportni yanada ko‘paytirish muhimligi qayd etildi. Salohiyati yuqori bo‘lgan to‘qimachilik, elektrotexnika, oziq-ovqat kabi sohalarda imkoniyatlar to‘liq ishlatilmayotgani ko‘rsatib o‘tildi.
Hozirda ip-kalavani qayta ishlash darajasi 50% bo‘lsa, xom ipakda — 75%, misda — 64%, meva-sabzavotda esa 16%ni tashkil qilmoqda. Mamlakatdagi 1 mingga yaqin konlarda 100dan ortiq turdagi mineral xomashyo bazasi mavjud. Tasdiqlangan zaxiralar qariyb $1 trlnga baholangan.
Yildan yilga qazib olish ko‘paymoqda. Lekin sanoatda yuqori texnologik ishlab chiqarish ulushi 25%ni tashkil etadi. Shu bois prezident xomashyoni chuqur qayta ishlab, yuqori qo‘shilgan qiymat va eksportni keskin oshirishga chaqirdi.
Mutasaddilarga tarmoqlar bilan birgalikda har bir xomashyo kesimida chuqur qayta ishlash va yuqori texnologik ishlab chiqarishni tashkil qilish bo‘yicha besh yillik dastur ishlab chiqish topshirildi.
Avvalroq “IT Park” 2025-yilda Saudiya Arabistonida o‘z vakolatxonasini ochishi haqida xabar berilgandi.