Avvalroq Shavkat Mirziyoyev raisligida tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha joriy yil yakunlari va 2025-yilga rejalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilayotgani haqida xabar berilgandi.
Joriy yilda xususiy sektorda daromad solig‘i to‘lovchilar soni 365 mingga ko‘paydi. Keyingi vazifa — ularning daromadini ko‘paytirib, munosib hayot kechirishi uchun yetarli sharoit yaratishdan iborat.
Lekin xususiy sektordagi ishchilarning 30%ida rasmiy oylik 1 mln so‘mdan kam qilib ko‘rsatilgan. Ayniqsa, Qoraqalpog‘iston, Qashqadaryo, Samarqand, Surxondaryo, Sirdaryo va Xorazmda bu masala juda dolzarb ekani ta’kidlandi.
Bu asosan to‘qimachilik, qurilish, qishloq xo‘jaligi, savdo va umumiy ovqatlanish sohalarida uchramoqda. Mazkur holatning sabab-omillarini bartaraf etish maqsadida tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash choralari ishlab chiqildi.
Masalan, to‘qimachilik va charm sohalarida kamida 2,5 mln so‘m oylik to‘laydigan, 15% ishchisi ehtiyojmand oiladan bo‘lgan tayyor mahsulot chiqaruvchi tadbirkorlarga yengilliklar beriladi.
Ularning foyda solig‘i ham, ishchisining daromad solig‘i ham 1% etib belgilanadi. Natijada mazkur korxonalar 50 ming ehtiyojmand odamni ishga oladi. Davlat boshqa tarmoqlar uchun ham bu yil tugaydigan imtiyozlarni mana shunday ijtimoiy mezon bilan uzaytirishga tayyor ekani ta’kidlandi.
Mamlakatda 5 mingdan ziyod ishchisi bor, yillik daromadi 1 trln so‘mdan oshgan, kamida 100 mlrd so‘m soliq to‘layotgan 142 nafar “chempion” tadbirkorlar paydo bo‘ldi.
Bu korxonalar ilg‘or texnologiyalar va yangicha boshqaruvni joriy etgan, arzon resurs olib kelmoqda, kredit va soliqni o‘z vaqtida to‘layapti, muddati o‘tgan qarzi yo‘q.
Ular ko‘p tarmoqli korporatsiyaga aylanib, yondosh sohalar rivojiga ham katta hissa qo‘shayotgani ta’kidlandi. Prezident boshqa salohiyatli tadbirkorlarni ham qo‘llab-quvvatlab, “chempion” tadbirkorlarni ko‘paytirish kerakligini aytdi.
Ularga yer va binoni to‘g‘ridan to‘g‘ri berish, davlat korxonalarini ham uzoq muddatga boshqaruvga topshirish, harbiy sanoat, dronlar ishlab chiqarish, IT va sun’iy intellektni keng rivojlantirishda ular bilan manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish mumkinligi qayd etildi.
Yig‘ilishda tadbirkorlar ham banklar beradigan kredit bilan cheklanib qolmasdan, xalqaro standartlarga moslashib, chetdan mustaqil resurs jalb qilish vaqti kelgani qayd etildi. Xalqaro moliya tashkilotlari bu borada yaqindan hamkorlik qilishga tayyor.
Savdo-sanoat palatasi xalqaro konsalting kompaniyalarini jalb qilib, tadbirkorlarning tashqi moliya bozorlariga chiqishiga ko‘maklashuvchi markaz ochishi muhimligi aytildi. Bu orqali kelgusi yilning o‘zida kamida 100ta mahalliy kompaniya xalqaro moliya bozorlari bilan ishlashga o‘rgatiladi.
Avvalroq davlat rahbari kambag‘al oilalarga biriktirilgan 1 ming nafar rahbar natija ko‘rsatmaganini qayd etgandi. Prezident keyingi yilgi investitsiya dasturiga kiradigan 590dan ortiq ijtimoiy obyekt loyihasi nogironligi bor odamlarga moslab ishlab chiqilmaganini tanqid qildi.