2030-yilga borib O‘zbekistonda yashirin iqtisodiyot hajmini 2 barobarga qisqartirish rejalashtirilgan. Bu haqda 18-dekabr kuni Senatning ikkinchi yalpi majlisida Soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev ma’lum qildi.
U o‘z nutqida Soliq qo‘mitasi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda yashirin iqtisodiyotni qisqartirishga qaratilgan prezident qarori loyihasi ishlab chiqilib, Vazirlar Mahkamasiga kiritilganini ma’lum qildi.
Qo‘mita 2025-yilda budjetga qo‘shimcha 20 trln so‘m mablag‘ jalb qilishni rejalashtirmoqda. Birinchi navbatda soxta tadbirkorlik holatlarini aniqlash hisobiga budjetga 3,5 trln so‘m mablag‘ undiriladi.
Ikkinchi yo‘nalish sifatida Mirzayev tovar va xizmatlar narxini manipulyatsiya qilish orqali soliq to‘lashdan bo‘yin tovlashning oldini olishni ta’kidladi, bu 1,5 trln so‘m tushumini ta’minlashi kerak. Shuningdek, alkogol va tamaki mahsulotlarini ishlab chiqarish va sotish jarayonlarini nazorat qilish bilan bog‘liq chora-tadbirlar natijasida 1 trln so‘m undirilishi belgilangan.
Bundan tashqari, “korxonabay” tizimi doirasida bojxona imtiyozlarini, shuningdek, boj, QQS, utilizatsiya yig‘imlarini to‘lashdan bosh tortish borasida narxlarni pasaytirish maqsadida bojxona deklaratsiyalarini o‘rganish orqali 4,3 trln so‘m undiriladi.
“Kelgusi besh yilda yashirin iqtisodiyot ulushini 2 barobarga qisqartirish rejalashtirilgan. Buning uchun Soliq qo‘mitasi, Bojxona qo‘mitasi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Markaziy bank va Bosh prokuratura jonlantirilgan tartibda birgalikda ishlaydi”, — deya xulosa qildi Mubin Mirzayev.
2023-yilning sentabr oyida ekspertlar tomonidan yashirin iqtisodiyot hajmi $32 mlrdga (YIMning qariyb 40%i) baholandi. Asosiy tarkibiy qismlar uy-joy va transport vositalarining ikkilamchi bozori, qishloq xo‘jaligi, norasmiy savdo va xizmat ko‘rsatish sohasidir.
Yil yakuniga kelib, bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish uchun naqd pul muomalasini qisqartirish bo‘yicha prezident qarori loyihasi tayyorlanganini ma’lum qildi. Bunda ayrim to‘lovlarni faqat bank kartalari orqali to‘lash nazarda tutilgan.
Joriy yilning iyul oyida Bosh prokuratura yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish uchun “Telegram"-bot ishlab chiqdi. U orqali qoidabuzarliklar bo‘yicha shikoyatlar ham, muammolarni hal qilish bo‘yicha takliflar ham qabul qilinadi.
Yil boshida prezident yashirin iqtisodiyotdan YIMga 135 trln so‘m, budjetga 30 trln so‘m tushum yo‘qotilganini qayd etgandi. Masalan, qurilish korxonalarining 41%i hisobotida faqat 1ta ishchisini ko‘rsatgan.
Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2023-yilda “yashirin” iqtisodiyot hajmi 100 trln so‘mga yaqinlashgan, uning 80%i xizmat ko‘rsatish sohasiga to‘g‘ri kelgan.
Oktabr oyi o‘rtalarida Bosh prokuror o‘rinbosari, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti boshlig‘i Shamsiddin Sohibnazarov yil boshidan buyon qariyb 10 trln so‘m “soya"dan chiqarilganini ma’lum qilgandi.
Avvalroq 2028-yildan boshlab elektr energiyasi va gazga subsidiya ajratish to‘xtatilishi haqida xabar berilgandi.