O‘zbekiston va AQSh Jahon savdo tashkilotiga qo‘shilish bo‘yicha ikki tomonlama muzokaralarni rasman yakunladi. Bu haqda prezidentning JST masalalari bo‘yicha maxsus vakili Azizbek Urunov ma’lum qildi.

19-dekabr kuni Vashingtonda O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev va Oq uyning savdo vakili Ketrin Tay bu bo‘yicha protokolni imzoladi. Mazkur hujjat bozorlarga o‘zaro kirish bo‘yicha kelishuvlarga erishilganini tasdiqlaydi.

“Bu yil JSTga a’zo bo‘lishimiz jarayonida tarixiy yil bo‘ldi, yil oxirida juda istiqbolli natijalarga erishildi”, — dedi Urinov.

aqsh, jahon savdo tashkiloti, jst

Maxsus vakil “konstruktiv hamkorlik” uchun ikki tomon muzokarachilar jamoalariga minnatdorchilik bildirdi. “O‘zbekiston tomoni 2026-yilgacha tashkilotga a’zo bo‘lish maqsadiga erishishga e’tiborni kuchaytiradi”, — dedi u.

Noyabr oyi boshida Urunov Toshkent va Vashington o‘rtasida JSTga a’zo bo‘lish bo‘yicha muzokaralar yakunlanganini ma’lum qilgandi. Uning ta’kidlashicha, jarayon 14 oy davom etgan. Shuningdek, so‘nggi bir necha oyda Xitoy, Filippin, Salvador, Tailand va Pokiston bilan ham tegishli protokollar imzolandi.

JSTga a’zo bo‘lish harakatlari

2023-yilning iyunida O‘zbekistonda JST masalalari bo‘yicha maxsus vakil lavozimi joriy etildi. Uning asosiy vazifalaridan biri JSTga a’zo bo‘lish jarayonini jadallashtirish, mas’ul vazirlik va idoralar faoliyatining natijadorligini ta’minlash bo‘yicha ishlarni muvofiqlashtirish hisoblanadi.

Sentabrda Shavkat Mirziyoyev JST bosh direktori Ngozi Okonjo-Iveala bilan a’zolik masalalarini ko‘rib chiqdi. Tomonlar qonunchilikni JST bitim va qoidalariga muvofiqlashtirishga kelishishdi. O‘zbekiston 2026-yilgacha tashkilotga a’zo bo‘lishni rejalashtirmoqda. JST ishchi guruhi mamlakatni “qo‘shimcha majburiyatlarni olishga” chaqirgan.

Prezident avgust oyida tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotda JSTga a’zo bo‘lishni “islohotlarning ajralmas qismi” deya ta’kidladi. Davlat rahbarining qayd etishicha, proteksionizm O‘zbekistonning rivojlanish imkoniyatlarini cheklaydi.

Soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev O‘zbekiston JSTga a’zo bo‘lganda o‘tish davridan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lishini ma’lum qildi. Bojxona bojlari tashkilotga a’zo boshqa davlatlar bilan tuzilgan kelishuvlar asosida belgilanadi.

Sentabr oyida O‘zbekiston 18ta davlat bilan JSTga a’zo bo‘lish bo‘yicha muzokaralarni yakunladi. Braziliya va Shri-Lanka bilan bozorga kirish bo‘yicha muzokaralarni tugatish to‘g‘risida protokollar imzolandi. Azizbek Urunov tashkilotga a’zolik 5−7 yil ichida mamlakat iqtisodiyotining qo‘shimcha 17%ga o‘sishiga yordam berishini qayd etdi.

Noyabr oyida O‘zbekiston AQSh bilan bir yildan ortiq davom etgan muzokaralarni yakunlashi natijasida Qo‘shma Shtatlar mamlakatni qo‘llab-quvvatlagan 21-davlatga aylandi.

Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis Qonunchilik palatasining saylovdan keyingi birinchi majlisida quyi palatada qonunchilikni JST bitimlariga uyg‘unlashtirish masalalari bo‘yicha parlament komissiyasini tuzishni taklif qildi.

Azizbek Urunov mamlakat yana bir qator davlatlar — Rossiya, Shveysariya, Buyuk Britaniya, Yevropa Ittifoqi va boshqalar bilan muzokaralarni yakunlashi kerakligini ma’lum qilgandi. Shuningdek, u mamlakatda savdoni tartibga solish bo‘yicha qabul qilinishi rejalashtirilayotgan notarif chora-tadbirlar haqida qayd etdi.