“Google” “YouTube"da e’lon qilinadigan kontentga yangi cheklovlar kiritdi. Bu haqda “hi-tech.mail” nashri xabar berdi.

Bundan buyon klikbeyt tavsiflari yoki sarlavhalari mavjud bo‘lgan roliklar, shuningdek, taniqli shaxslar ishtirokidagi dipfeyklar bloklanadi.

“YouTube"da dipfeyklarni bloklash

Videoxosting “Creative Artists Agency” agentligi bilan hamkorlikda “o‘xshashlikni boshqarish” texnologiyasini ishlab chiqdi.

Qayd etilishicha, u sun’iy intellekt asosida ishlaydi va videodagi dipfeyklarni avtomatik ravishda aniqlash imkonini beradi.

Vosita taniqli shaxslar qiyofasiga o‘xshash o‘rinbosarlar mavjudligini aniqlaydi. Agar dipfeyk aniqlansa, vosita videoni “YouTube” moderatsiyasiga olib tashlash uchun so‘rov yuboradi.

Ma’lumki, dipfeyklar nafaqat ko‘ngil ochish, balki yomon maqsadlarda, masalan, yolg‘on ma’lumotlarni e’lon qilish, siyosiy hujumlar yoki yulduzlarning xabarisiz reklama yaratish uchun ham ishlatiladi.

“YouTube” 2025-yil boshida “o‘xshashlikni boshqarish” texnologiyasini sinovdan o‘tkazishni boshlaydi.

Klikbeyt tavsifli roliklarni bloklash

Bundan buyon “YouTube” video mazmuniga mos kelmaydigan tavsif berilgan roliklarni bloklaydi.

Ya’ni “YouTube"da balandparvoz nomlar, videolarga berilgan tavsiflar va video muqovalari klikbeyt sifatida baholanishi mumkin.

Kompaniya klikbeytning bir nechta misollarini keltirdi:

  • “Prezident iste’foga chiqdi!” deb nomlangan video, lekin videoda prezidentning iste’fosi haqida hech narsa aytilmagan;
  • yangiliklar yoritilishini o‘z ichiga olmagan video uchun “Eng sara siyosiy yangiliklar” deb yozilgan muqova.

“Bu, ayniqsa, videolar so‘nggi yangiliklar yoki joriy voqealar kabi mavzularni qamrab olganida muhim hisoblanadi. Chunki bunday holatlarda tomoshabinlarni “YouTube"da ko‘rayotgan narsalari haqida chalg‘itmaslikni ta’minlash zarur. Yaqin oylar ichida biz bu tizimni sinovdan o‘tkazishni boshlaymiz,” — deya ta’kidlandi “Google” matbuot xizmati bayonotida.

Kompaniyaning aniqlik kiritishicha, mualliflar o‘zgarishlarga moslashib olishlari uchun avval klikbeyt aniqlangan eski kontentni bloklashni boshlaydilar. Bundan keyin esa, algoritmlar yangi yuklangan videolarga qo‘llaniladi.


Avvalroq “Spot” “YouTube” ovozli izohlar funksiyasini sinovdan o‘tkazishni boshlagani haqida yozgandi.

Biroq kompaniya bunday funksiyani hali rasman e’lon qilmagan va hozircha u faqat cheklangan foydalanuvchilar uchun mavjud.