Rossiyaning “DOM.RF” davlat kompaniyasi O‘zbekistonga qurilish ekspertizasi va raqamli texnologiyalarni eksport qilish imkoniyatlarini taqdim etdi. Bu haqda tashkilot matbuot xizmati xabar berdi.
Kompaniya delegatsiyasi 19−20 dekabr kunlari Toshkentga tashrif buyurdi. Tashrif davomida kompaniyaning eskrou-hisoblarni joriy etish, quruvchilar reyestri va loyihalarni boshqarish uchun raqamli xizmatlarni yaratish rejalari muhokama qilindi.
“DOM.RF” vakillari o‘zbekistonlik hamkasblari bilan Toshkentning Sergeli tumanida eskrou-hisoblar bo‘yicha tajriba loyihasini amalga oshirishni muhokama qildilar. Ulardan Rossiyada ulushli qurilish ishtirokchilarini himoya qilish va shaffoflikni ta’minlashda foydalanish tajribasi qayd etildi.
Bundan tashqari, qurilish loyihalari va axborot modellarini boshqarish uchun dasturiy ta’minot — Qurilishning raqamli nazorati (QRN)ni joriy etish taklif etildi. Ushbu yechim quruvchilarga hujjatlar bilan tezkor ishlash va qurilish jarayonlarini boshqarish sifatini yaxshilash imkonini beradi.
Kompaniya vakillari O‘zbekistonning Rossiya texnologiyalaridan foydalanishdan, shuningdek, ta’lim tashabbuslaridan manfaatdorligini ta’kidladi. Talabalarga qurilishda axborot modellashtirishni o‘rgatish uchun dasturiy ta’minot yetkazib berish rejalashtirilgan.
Kompaniya O‘zbekiston qurilish tarmog‘ini sifat va barqaror rivojlanishning zamonaviy standartlariga o‘tkazishga ko‘maklashishga tayyorligini bildirdi.
“DOM.RF” — 1997-yilda tashkil etilgan Rossiya uy-joy sohasini rivojlantirish instituti. Kompaniya Rossiya mulki orqali to‘liq davlatga tegishli. Bosh direktor — Rossiyaning sobiq sport vaziri Vitaliy Mutko. Aprel oyida kompaniya IPOga chiqishni rejalashtirgandi.
O‘zbekistonda eskrou-hisobi joriy etish
Joriy yil sentabrida prezident uy-joy xarid qilishda eskrou-hisoblarini joriy etish rejalarini e’lon qildi. Bu tizimni Samarqandda, shuningdek Toshkentning Yangihayot va Sergeli tumanlarida sinovdan o‘tkazish mo‘ljallangan.
“Spot” suhbatlashgan ekspertlar eskrou-hisoblarini joriy etishda bir qator ehtimoliy qiyinchiliklarni ta’kidlashdi.
Bular qatoriga qonunchilik bazasining mavjud emasligi, quruvchilar uchun xarajatlarning ko‘payishi va kvadrat metr narxining oshishi kiradi. Shu bilan birga, bu qadam bitimlarning xavfsizligi va shaffofligini, shuningdek quruvchilarning mas’uliyatini oshiradi.
Dekabr oyida davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev uy-joy xarid qilish uchun eskrou-hisoblarini joriy etishni ma’qulladi. Tizimning huquqiy asoslarini ishlab chiqish va uni davlat organlarida joriy etishni boshlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.