20-dekabrdan o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha arizalar qabuli boshlandi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Tegishli tartib asosida ikkita uzrli sabab bilan davlat oliy ta’lim muassasalariaro o‘qishni ko‘chirish uchun 13ta OTMda hududiy ishchi guruhlar tashkil etildi. Bular quyidagilar:
- Qoraqalpoq davlat universiteti;
- Andijon davlat universiteti;
- Buxoro muhandislik-texnologiya instituti;
- Jizzax politexnika instituti;
- Qarshi davlat universiteti;
- Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti;
- Namangan davlat universiteti;
- Samarqand davlat universiteti;
- Guliston davlat universiteti;
- Termiz davlat universiteti;
- Farg‘ona davlat universiteti;
- Urganch davlat universiteti;
- O‘zbekiston milliy universiteti.
Ishchi guruhlar 2025-yilning 20-yanvargacha har kuni soat 9:00dan 17:00gacha faoliyat ko‘rsatadi. Lekin, yakshanba dam olish kuni hisonlanadi, shanba kunlari esa soat 9:00dan 15:00gacha ishlaydi.
Hududiy ishchi guruhlarga arizachi quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
- ariza (blanka hududiy ishchi guruh tomonidan beriladi va talaba uni joyida to‘ldiradi);
- reyting daftarchasi yoki belgilangan shakldagi akademik ma’lumotnoma yoki transkript nusxalari (bittasi bo‘lsa yetarli);
- pasport nusxasi;
- uzrli sabablarni asoslovchi tegishli hujjatlar.
Ikkita uzrli sabab quyidagilar:
- talaba oila qurishi sabab, turmush o‘rtog‘i doimiy yashaydigan hududdagi OTMga o‘qishini ko‘chirishida;
- davlat organlarining xodimlari ish joyi o‘zgargan taqdirda uning turmush o‘rtog‘i yoki voyaga yetmagan farzandi o‘qishini ko‘chirish uchun murojaat qilganda, tegishli vazirlik (idora) rahbarining tavsiyasi asosida.
Avvalroq 2025-yilda 3,5 ming nafar kambag‘al oila farzandlari OTMga grant asosida qabul qilinishi haqida xabar berilgandi.