Avvalroq Shavkat Mirziyoyev raisligida tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha joriy yil yakunlari va 2025-yilga rejalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilayotgani haqida xabar berilgandi.

Yig‘ilishda temir yo‘l sohasida raqamlashtirish va operatsion samaradorlikni oshirish hisobiga yuk tashish muddatlari 40%ga qisqargani qayd etildi.

Stansiyalarda yuklarni to‘lovsiz tushirish vaqti 2 soatdan 3 kunga uzaygani uchun tadbirkorlar yiliga 57 mlrd so‘m tejamoqda.

Xususiy aviakompaniyalar soni 14taga yetdi. Qo‘shimcha 6ta yuk va 16ta yo‘lovchi havo kemasi olib kelindi.

Prezident Buxoro va Namangan aeroportlari xususiy boshqaruvga berilganini ma’lum qildi. Andijon va Urganch aeroportlari bo‘yicha tender davom etayapti.

Yil boshida mazkur aeroportlarni modernizatsiya qilish va xususiy boshqaruvga o‘tkazish rejalari ma’lum bo‘lgandi.

Mintaqadagi eng qulay va jozibador biznes muhitini saqlab qolish uchun barqaror soliq siyosati davom ettirilishi ta’kidlandi. Hayotiy zarur xarajatlarni moliyalash uchun budjet tushumlari zarurligiga qaramay, asosiy soliqlar bo‘yicha stavkalar o‘zgarmaydi.

1-yanvardan boshlab yer yoki davlat mulki QQSsiz sotiladi, mobil aloqa uchun aksiz solig‘i (10%) bekor qilinadi.

Shahar chegarasidagi qishloq yerlariga 2 karra yer solig‘ini hisoblash to‘xtatiladi. Nashriyot korxonalari foyda solig‘ini to‘lashdan 5 yilga ozod etiladi.

Bundan tashqari, “IT Park” rezidentlariga barcha turdagi soliqlarni to‘lashdan ozod etish bo‘yicha imtiyozlar 2040-yilgacha uzaytiriladi.

Xususiy maktab va bog‘chalar, xorijiy o‘qituvchi va mutaxassislar uchun berilgan barcha soliq imtiyozlari 2030-yilgacha amal qiladi.

Avvalroq nogironligi bo‘lgan ishchilar uchun ijtimoiy soliq 1%ga pasaytirilishi haqida xabar berilgandi. Korxonalarga surdotarjimon, psixolog va ko‘zi ojizlar uchun hamrohlik xizmati xarajatiga 50 mln so‘mgacha subsidiya beriladi.