Talabalar uchun kontrakt mablag‘larini to‘lash muddati uzaytirildi. Bu haqda “Ta'lim nazorati” “Telegram"-kanali xabar berdi.
Davlat qabul komissiyasining tegishli bayoni bilan 2024/2025-o‘quv yilida OTMlarining bakalavriat hamda magistratura talabalari uchun shartnoma to‘lovlarini amalga oshirish va talabalar safiga qabul qilishni rasmiylashtirishning so‘nggi muddati 2024-yilning 31-dekabri (shu kuni ham) etib belgilandi.
Bunda bazaviy va tabaqalashtirilgan to‘lov-kontraktning bir yillik o‘qitish qiymatidan 50%i miqdoridagi kontraktni to‘lash nazarda tutilgan. Bu quyidagi talabalar uchun amal qiladi:
- to‘lov-kontrakt jumladan, tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida talabalikka tavsiya etilgan abituriyentlar (1-kurslar);
- o‘qishi ko‘chirilgan (ko‘chirib tiklangan) va qayta tiklagan talabalar;
- Qoraqalpog‘istonda doimiy yashaydigan hamda umumiy o‘rta, o‘rta-maxsus va professional ta’lim muassasalarini tamomlaganlar uchun ajratilgan qo‘shimcha qabul kvotalariga talabalikka tavsiya etilganlar.
Bu 2024/2025-o‘quv yilida qabul qilingan abituriyentlar uchungina amal qiladi. Tegishli tartibga ko‘ra, ikkinchi va undan yuqori bosqich talabalar kontraktini to‘lash muddati OTM rahbari tomonidan uzaytirilishi mumkin.
Sentabr oyi boshida kontrakt pulini to‘lash muddatlari belgilangandi. Unda to‘lov miqdorining 50%ini 1-yanvargacha, 75%ini 1-martgacha hamda 100%ini 1-maygacha yoki OTM tomonidan uzaytiriladigan muddatgacha to‘lash kerakligi keltirilgan.
Talabalar uchun beriladigan qishki ta’til 25-dekabrdan 2025-yilning 7-yanvarigacha davom etadi. Bu OTM talabalari, texnikum, kollej, kasb-hunar maktabi va akademik litseylar o‘quvchilari uchun amal qiladi.
Hozirda talabalar uchun “Uzbekistan Airways”, “Silk Avia” hamda “O‘zbekiston temir yo‘llari” barcha mahalliy yo‘nalishdagi qatnovlarga chegirmalar e’lon qilgan.
Avvalroq o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha arizalar qabuli boshlangani haqida xabar berilgandi. Arizalar 13ta OTMda tashkil etilgan ishchi guruh tomonidan kelasi yilning 20-yanvarigacha qabul qilinadi.