“Apple” “Face ID” bilan “aqlli” eshik qo‘ng‘irog‘ini ishlab chiqmoqda. Bu haqda “Bloomberg” sharhlоvchisi Mark Gurman xabar berdi.

Nashr manbalari 2023-yil yanvar oyida “Apple” “aqlli” uy uchun ekran ustida ish olib borayotganini ma’lum qilgan edi.

Unda taxminan 6 dyuym diagonal o‘lchamli ekran va yangi operatsion tizim bo‘ladi. 2024-yil aprel oyida ular kompaniya haydovchisiz avtomobil ishlab chiqishdan voz kechganidan so‘ng uy robotlariga e’tibor qaratishini aytishgan edi.

Endi kompaniya qo‘shimcha qurilmalarni ishlab chiqmoqda, jumladan “aqlli” eshik qo‘ng‘irog‘i va “Face ID” orqali ochiladigan qulfni yaratmoqda.

Qo‘ng‘iroq simsiz bo‘lib, qulfga ulanish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Unda kengaytirilgan yuz tanish tizimi mavjud bo‘ladi: u uy egalarining yuzlarini “tanib olishi” va ularga eshikni ochib berishi mumkin.

Gurmanning aytishicha, qo‘ng‘iroq ehtimol boshqa ishlab chiqaruvchilarning qulflari bilan ham ishlay oladi.

Yoki kompaniya birgalikdagi yechimni taqdim etish uchun allaqachon mavjud bo‘lgan “aqlli” qulf ishlab chiqaruvchilari bilan hamkorlik qilishi mumkin.

Hozircha ishlanmalar boshlang‘ich bosqichda hamda qo‘ng‘iroq va qulf 2025-yilning oxirigacha chiqarilmaydi.


Avvalroq “Spot” “Apple” ulkan yig‘ma iPadni ishlab chiqayotgani haqida yozgandi.

Qayd etilishicha, qurilmaning diagonali 20 dyuym atrofida bo‘lib, yaxlit shisha bo‘lagiga o‘xshaydi.