Ayrim ro‘yxatdan o‘tkazish davlat raqami belgilari uchun to‘lov miqdorlari kamaytirildi. Bu bo‘yicha IIVning tegishli buyrug‘i Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi, deya xabar berildi “Huquqiy axborot” kanalida.
Endilikda elektromobillar, mototransport vositalari va tirkamalarni (yarim tirkamalarni) ro‘yxatdan o‘tkazish uchun belgilangan BHMning 1,5 baravari (562,5 ming so‘m) miqdoridagi to‘lovlar gibrid avtomobillar, moped va skuterlarga ham tatbiq etiladi. Boshqa avtotransport turlari uchun bahorda belgilangan BHMning 6,84 baravari (2,565 mln so‘m) miqdori saqlanib qoladi.
Mototsikl, elektromototsikl, moped, skuter va tirkamalarga RO‘DRB uchun yig‘im BHMning 1,75 (656 250 so‘m) baravaridan BHMning 1,5 baravariga pasaytirildi.
Yo‘qolgan bir dona RO‘DRB o‘rniga yangisini berish uchun ham, yaroqsiz holga kelgan, buzilgan yoki shikastlangan raqamlarni almashtirish uchun ham xuddi shunday to‘lov undiriladi. Ularni qayta ro‘yxatdan o‘tkazish uchun to‘lov miqdori — BHMning 10%i (37,5 ming so‘m) ni tashkil etadi.
Yo‘qotilgan (BHMning 1 baravari), shikastlangan yoki o‘g‘irlangan (BHMning 70%i yoki 262,5 ming so‘m) avtomototransport vositasi ro‘yxatdan o‘tkazilgani to‘g‘risidagi guvohnomaning dublikatini berish uchun to‘lovlar bekor qilindi.
Shuningdek, avtomototransport vositasini ro‘yxatdan o‘tkazish haqida vaqtinchalik guvohnoma dublikatini berish uchun belgilangan BHMning 5 baravari (1,875 mln so‘m) miqdoridagi to‘lov ham undirilmaydi.
Joriy yilning iyul oyida Vazirlar Mahkamasi skuter va mopedlarning davlat raqamlari turini tasdiqladi. Hujjat bilan IIV va Texnik jihatdan tartibga solish agentligiga uch oy muddatda yangi avtomobil raqamlari uchun normativ hujjatlarni belgilash topshirildi.