Avvalroq Shavkat Mirziyoyev raisligida tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha joriy yil yakunlari va 2025-yilgi rejalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgani haqida xabar berilgandi.

Unda “TBC Bank Group"ning xalqaro biznes bo‘limi rahbari Oliver Xyuz davlat rahbariga bank ma’lumotlarini saqlash talablarini yumshatish taklifini bildirdi.

“Bu yerda sanoat va bank sektori nomidan gapiryapman, deb o‘ylayman. Savolim „Cloud“ deb nomlanuvchi bulutli texnologiyalar borasida. Bugungi kunda banklarga shaxsiy va bank ma’lumotlarini saqlash bo‘yicha qat’iy talablar mavjud. Ularni o‘z hisoblash markazlarimizda saqlashimiz kerak. Bu esa ancha qimmat va kengaytirish qiyin”, — dedi “TBC Group” vakili.

Oliver Xyuz bu hozircha normal holat ekanligini, ammo “qancha uzoq bormoqchi bo‘lsak, shuncha qiyin bo‘lishi"ni ta’kidladi. Bu mamlakatda texnologik kompaniyalarning rivojlanishiga to‘sqinlik qilishi mumkin.

Shundan kelib chiqib, hozirda hukumat, Markaziy bank va tarmoq vakillari bilan muzokaralar olib borilayotgani qayd etildi. Xyuz banklarga o‘zlarining shaxsiy va bank ma’lumotlarini “Cloud"da, O‘zbekistonda yoki ofshor hududlarda saqlashga ruxsat berish uchun qonunchilikka o‘zgartirishlar kiritish taklifini ilgari surdi.

“Bu nafaqat texnologik sanoat va bank sektorini rivojlantirish, balki sun’iy intellektni rivojlantirish uchun ham muhimdir. Sababi, sun’iy intellekt bugungi kunda O‘zbekistonda mavjud bo‘lmagan juda ko‘p hisoblash quvvatlarini talab etadi. Biz allaqachon buni boshlaganmiz — SI-botlarni ishga tushiryapmiz va allaqachon bu muammolarga duch kelganmiz”, — deya xulosa qildi Oliver Xyuz.

Davlat rahbari, mazkur masala haqiqatdan ham dolzarb ekanini, mamlakat kelajagi sifatida sun’iy intellektga jiddiy e’tibor qaratish kerakligini ta’kidladi.

Shu bilan birga, prezident bosh vazir o‘rinbosari, iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov, Markaziy bank raisi Timur Ishmetov hamda Adliya vaziri Akbar Toshqulovga tegishli takliflar ishlab chiqishni topshirdi.

“Biz har tomonlama puxta o‘ylab, yagona to‘g‘ri qaror qabul qilishimiz kerak. Gap fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlari haqida bormoqda va bu juda jiddiy masala. Bu yerda xato qilishga haqqimiz yo‘q”, — dedi prezident.

Avvalroq IT va fintex kompaniyalarga rivojlanish va tadqiqot markazlari (R&D) uchun laboratoriya jihozlari, texnologik uskunalarni bojsiz olib kelishga ruxsat berilishi ma’lum qilingandi.