So‘nggi yillarda kiberjinoyatchilik fuqarolar va davlat tuzilmalari duch kelayotgan eng dolzarb muammolardan biri bo‘lib qolmoqda. Texnologiyalarning jadal rivojlanishi va internet foydalanuvchilari sonining ortishi jinoyatchilarga yangi imkoniyatlar yaratmoqda.
Bu esa firibgarlik, shantaj, kiberzо‘ravonlik va manipulyatsiyaga aylanib ketadigan internet tanishuvlar kabi boshqa kibertahdidlarning ko‘payishiga sabab bo‘lmoqda. 2024-yilda O‘zbekistonda firibgarlik haqidagi murojaatlar soni sezilarli darajada oshgani muammoning ko‘lami kengayib borayotganidan dalolat beradi.
Ichki ishlar vazirligi Tezkor-qidiruv departamenti Kiberxavfsizlik markazi boshlig‘i Behzod Mamajonov joriy yilda firibgarlik bo‘yicha qancha murojaatlar kelib tushgani va ularning soni nega o‘sishda davom etayotgani haqida “Spot"ga ma’lumot berdi.
Shu bilan birga, Mamajonov kimdir kiberjinoyat qurboniga aylansa, dastlab qanday choralar ko‘rish kerakligi, qo‘lga olingan jinoyatchilar va ularning vositachilariga qanday jazo berilishi so‘zlab berdi.
Firibgarlar qo‘l qovushtirib o‘tirmaydi
2024-yilda firibgarlik bo‘yicha 35 mingdan ortiq ariza kelib tushdi, o‘tgan yili bu ko‘rsatkich 26 mingga yaqinni tashkil etgandi. Jami murojaatlarning taxminan 35%i karding bilan bog‘liq. O‘sishning asosiy sabablaridan biri bank kartalaridan foydalanuvchilar sonining ko‘payishi hisoblanadi: ularning soni yil boshida 40 mlndan kam bo‘lgan bo‘lsa, hozirga kelib 55 mlndan oshib ketdi.
Amalda bank kartalaridan o‘g‘irlik holatlari soni ko‘p bo‘lishi mumkin, chunki ko‘p odamlar ichki ishlar xodimlariga murojaat qilmaslikni afzal ko‘rishadi. Agar kartadan o‘g‘irlangan summa uncha katta bo‘lmasa, jabrlanuvchilar shunchaki ariza berish va qidirish uchun vaqt sarflashni xohlamaydilar.
Firibgarliklarning asosiy to‘lqini pandemiyadan so‘ng, odamlar onlayn xizmatlardan faol foydalana boshlagandan keyin ko‘paydi. Avvallari firibgarlik holatlarining aksariyati telefon qo‘ng‘iroqlari orqali bo‘lib, unda jinoyatchilar o‘zlarini bank xodimlari deb tanishtirgan holda turli bahonalar bilan odamlardan SMS orqali kelgan bir martalik kodni aytishini so‘rashgan, buni bilib olgach ularda jabrlanuvchining bank ma’lumotlariga kirish imkoniga paydo bo‘lgan. Hozirda bunday sxemalar ulushi 95%dan 12−13%ga kamaygan.
Firibgarlar doimiy ravishda aldashning yangi usullarini izlaydilar, moslashadilar va himoya choralarini chetlab o‘tish yo‘llarini o‘rganadilar.
Joriy yilda eng ko‘p murojaatlar “Telegram"dagi APK-fayllari orqali tarqatilayotgan virusli dasturlar bilan bog‘liq bo‘ldi. Foydalanuvchilar notanish APK-fayllarni foydali ilova deb o‘ylab, yuklab olishadi. O‘rnatilgandan so‘ng, ilova muhim ruxsatlarni so‘raydi: SMS, qo‘ng‘iroqlar, telefon raqamlari va ilovalar ro‘yxatiga kirish singari. Keyinchalik olingan ma’lumotlar jinoyatchilar serveriga yuboriladi.
Bu yil moliyaviy piramidalar ham faol harakat qildi. Firibgarlar yuqori foyda va’da qilingan soxta saytlarni reklama qilish uchun taniqli shaxslarning sun’iy dipfeyk videolaridan foydalandilar. Masalan, yil boshida Zafar Hoshimovning dipfeyk-videolari ishtirokidagi firibgarlik sxemasi katta shov-shuvga sabab bo‘ldi. Minglab odamlar bunday aldov sxemalarining qurboniga aylandi.
Bo‘limimizda “Allo, oyi” deb ataladigan qo‘ng‘iroqlar yana bir keng tarqalgan usulga aylandi. Firibgarlar o‘zlarini yo‘l-transport hodisasiga uchragan “qarindosh” sifatida tanishtirib, vaziyatni hal qilish uchun pul so‘rashadi. Bu firibgarliklar asosan Toshkentda va ko‘proq rusiyzabon aholi orasida uchragan. Taxminimizcha, bu usulni qo‘llagan jinoyatchilar chet davlatlardan faoliyat yuritgan, shu bois o‘zbek tilida so‘zlashuvchi fuqarolarni kamroq aldashgan. Ba’zi hollarda jinoyatchilar jabrlanuvchining telefon go‘shagini qo‘yishiga yo‘l qo‘ymasdan, uni soatlab ko‘ndirishga harakat qilishgan. Bu orqali ular jabrlanuvchining vaziyatni boshqalar bilan muhokama qilishiga yoki “gipnoz” holatidan chiqishiga imkon bermaslikka intilishgan.
Firibgarlikning ushbu turiga qarshi kurashish uchun “O‘ztelekom” va Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda quyidagi yechim qo‘llanildi: agar qo‘ng‘iroq uy telefoniga qilinsa, 10 daqiqadan keyin suhbat uziladi. Bu jabrlanganlar sonini kamaytirishga yordam berdi. Bundan tashqari, maxsus guruhlar uyma-uy yurib, fuqarolarni ushbu turdagi firibgarlik bilan bog‘liq xavf-xatardan ogohlantirib, tushuntirish ishlarini olib bordi.
So‘nggi oylarda yangi firibgarlik usullari paydo bo‘ldi: tovlamachilar ma’lum bir kompaniya haqida ma’lumot to‘plab, keyin xodimlarga o‘zlarini rahbar sifatida tanishtirib, bog‘lanishadi. So‘ngra ular hisob raqamidan pul o‘tkazishni yoki soxta shaxsga naqd pul topshirishni so‘rashadi. Bundan tashqari, ular o‘zlarini huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimi sifatida ko‘rsatib, turli bahonalar bilan fuqarolarni shaxsiy ma’lumotlari va bank kartalari haqidagi ma’lumotlarni taqdim etishga ishontirishlari mumkin.
Joriy yilda firibgarlik bilan bog‘liq onlayn kreditlarni rasmiylashtirish holatlari ko‘paydi. Biroq, vazirliklar va Markaziy bank tomonidan birgalikda ko‘rilgan chora-tadbirlar tufayli bu muammo ancha yengillashdi.
Kiberjinoyatlar faqat pul bilan bog‘liq emas
Kiberjinoyatlarga shantaj va bulling kabi hodisalar, shuningdek internet orqali tanishuvlar bilan bog‘liq firibgarliklar ham kiradi. Bu to‘g‘ridan-to‘g‘ri kiberxavfsizlik masalalariga tegishli, chunki bunday jinoyatlar internet orqali sodir etiladi.
Jinoyatchilar anonim profillar ortida yashirinib, tahdidlar yoki obro‘sizlantiruvchi kontentni yuborishlari va o‘zlarining talablarini ilgari surishlari mumkin. Ko‘pincha bunday jinoyatlarning qurboni hissiyotga beriluvchan, oson aldanadigan odamlar bo‘ladi.
Masalan, onlayn-tanishuvlar ba’zan jiddiy muammolarga olib keladi. Odamlar bir-birlarini ko‘rmay, yaqin aloqada bo‘lishni boshlaydilar, shaxsiy ma’lumotlarni va intim foto va video-kontentni baham ko‘radilar. Ishtirokchilardan biri buni boshqasini manipulyatsiya qilish, pul talab qilish yoki boshqa shartlarni ilgari surish uchun ishlatishi mumkin.
Ayniqsa, bunday tahdidlardan ko‘pincha yosh qizlar aziyat chekishadi, shu bilan birga ular orasida erkaklarni ham uchratish mumkin.
Bunday holatlar oddiy firibgarlikka qaraganda kamroq sodir bo‘lsa-da, ularning oqibatlari og‘irroq. Bu holatda nafaqat moliyaviy zarar, balki shaxsiy obro‘, ruhiy-emotsional holat va atrofdagilar bilan munosabatlar ham xavf ostiga qo‘yiladi. Jinoyatchining talablarini bajarishdan bosh tortgan talaba qizni ko‘z oldingizga keltiring. Eng yaxshi holda u shaxsiy ma’lumotlarni yoki uni murakkab vaziyatga solib qo‘yadigan materiallarni tarqatishi mumkin. Mentalitetning spetsifikasini va ijtimoiy stereotiplarni hisobga olgan holda, uning hayoti atrofdagilar va hatto yaqinlarning qoralashi tufayli keskin o‘zgarishi mumkin.
Bunday vaziyatlarda jinoyatchining shaxsini aniqlab, uning harakatlarini bartaraf eta oladigan ichki ishlar xodimlarini jalb etish o‘ta muhim, chunki ularning yordamisiz bu ishni uddalash nihoyatda murakkab.
Firibgarlikka qarshi chora-tadbirlar
Bo‘limimiz ko‘pincha barcha yoshdagi fuqarolarni — bolalardan tortib pensionerlargacha xabardor qilishga qaratilgan keng qamrovli ma’rifiy kampaniyalarni amalga oshiradi. Vazifamiz — har bir odam, yoshidan qat’i nazar, firibgarlikni aniqlay olishi va undan himoyalanishini ta’minlash hisoblanadi.
Biz turli platformalardan foydalanamiz: har kuni yangilanadigan “Telegram"-kanal, unda yangi firibgarlik sxemalari haqida ma’lumotlar joylashtiriladi va o‘zingizni qanday himoya qilishni batafsil tushuntiradigan mingdan ortiq o‘rgatuvchi videolarga ega “YouTube"-kanal.
Iyun oyida “Kibermadaniyatni oshirish oyligi” targ‘ibot dasturini yo‘lga qo‘ydik. Unda butun O‘zbekistonni qamrab olgan ish rejasini ishlab chiqdik: turli toifadagi fuqarolar, jumladan, nogironligi bo‘lgan shaxslar, davlat xizmatchilari, maktab va oliy o‘quv yurtlari o‘quvchilari va boshqalar bilan uchrashuvlar o‘tkazdik.
Shu davr mobaynida birgina televideniyeda materiallarimiz 603 marta efirga uzatildi. Yangiliklarni tomosha qilmaydigan auditoriyaga yetib borish maqsadida blogerlar bilan ham faol ish olib boryapmiz. An’anaviy reportajlarga qaraganda tushunilishi oson, qiziqarliroq bo‘lgan videoroliklar ham yaratdik.
Texnik ta’minotni takomillashtirish ustuvor vazifalar sirasiga kiradi. Firibgarlik faoliyatini aniqlash texnologiyalarini muntazam ravishda takomillashtirib, jazoni kuchaytirishga va jinoyatlarning oqibatlarini kamaytirishga yordam beradigan yangi normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilamiz. Shu bilan birga, xodimlarimiz dolzarb tahdidlardan xabardor bo‘lishlari uchun malaka oshirish kurslarini o‘taydilar.
Xalqaro hamkorlikka alohida e’tibor qaratilgan. Internet-firibgarligining chegarasi yo‘q, shu bois tajriba almashish, jinoyatlarni birgalikda o‘rganish va yangi himoya choralarini ishlab chiqish uchun xorijiy hamkorlarimiz bilan birgalikda ish olib boryapmiz.
Shuningdek, veb-saytlar yoki ijtimoiy tarmoqlarni havola orqali haqiqiyligini aniqlaydigan platforma yaratdik.
Firibgarlik uchun javobgarlik
Ko‘pincha kiberjinoyatchilar O‘zbekistondan tashqarida harakat qiladi, bu esa ularni qo‘lga olishni qiyinlashtiradi. Ammo ushlanganda ularning harakatlari besh yildan sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish nazarda tutilgan og‘ir jinoyat sifatida tasniflanadi. Jinoiy javobgarlikdan tashqari, aybdor jabrlanuvchiga yetkazilgan zararni qoplashi shart.
Agar avvallari kartadan o‘g‘irlangan mablag‘larni qaytarish darajasi taxminan 6−13%ni tashkil etgan bo‘lsa, blokirovka qilish mexanizmlarining takomillashtirilishi hamda nazoratning kuchaytirilishi sababli bu ko‘rsatkich hozirda 40%dan oshgan.
Davlat o‘g‘irlangan pullarni qoplamaydi, asosiy e’tibor jinoyatlarni tezda aniqlash va dastlabki bosqichlarda mablag‘larni blokirovka qilishga qaratilgan. Bu fuqarolarning yo‘qotishlarini minimallashtirish va mablag‘larni qaytarish ehtimolini oshiradi. Biz banklar va boshqa idoralar bilan faol hamkorlik qilyapmiz, bu esa, o‘z navbatida, himoya samaradorligini sezilarli darajada oshirish imkonini beradi.
Odatda, kartadan o‘g‘irlangan pullar dastlab mamlakat ichida bir nechta kartalar orqali o‘tib, keyin xorijga chiqib ketadi, bu esa ularni qaytarish jarayonini sezilarli darajada murakkablashtiradi. Ko‘pincha karta egalari o‘zlarining hisobvaraqlari firibgarlik sxemalarida foydalanilganidan hatto shubhalanmaydilar.
Biroq, ayrim fuqarolar firibgarlarga o‘zlarining bank kartalari yoki SIM-kartalari ma’lumotlarini atayin pul mukofoti evaziga taqdim etadilar. Ushbu muammoga qarshi kurashish uchun biz jinoyatchilar foydalanishi mumkin bo‘lgan shaxsiy ma’lumotlarni uzatish uchun javobgarlikni joriy etishni taklif qildik.
Hukumatning qo‘llab-quvvatlashi, me’yoriy-huquqiy bazani takomillashtirish va kiberxavfsizlikni mustahkamlash bo‘yicha doimiy ishlar tufayli bunday jinoyatlarning aniqlanishi 30%ni tashkil etadi.
Agar kimdir firibgarlik qurboniga aylansa, nima qilish kerak?
Agar firibgarlikning qurboniga aylansangiz, unda xatti-harakatlarning tezkorligi hal qiluvchi rol o‘ynashi mumkin.
Firibgarlik bank kartalari bilan bog‘liq bo‘lsa:
- Telefon raqamingiz yoki ilovalarga biriktirilgan barcha kartalarni darhol bloklang. Bunday hollarda har bir soniya muhim — bu sizning balansingizdan mablag‘larning yechib olinishi oldini olishga yordam beradi.
- Huquqni muhofaza qilish organlariga yoki Ichki ishlar vazirligining kiberxavfsizlik bo‘limiga murojaat qiling.
Agar qurilmaga APK-fayl orqali virus tushsa:
- Qurilmadagi internet-aloqani darhol o‘chiring. Agar boshqa qurilmalarda xuddi shu akkauntdan foydalanayotgan bo‘lsangiz, ularni ham internetdan uzing. Virus qurilmada qolsa-da, bu ma’lumotlarni o‘tkazish jarayonini cheklaydi.
- Xavfli dasturiy ta’minotni olib tashlash va qurilmani tiklash uchun ekspertlar yoki kiberxavfsizlik xizmatiga murojaat qiling.
Firibgarlar internet-telefondan foydalanib, telefon raqamlarini soxtalashtirishi mumkin, shuning uchun qurilmangiz ekranida istalgan raqam ko‘rsatiladi. Agar siz shubhali qo‘ng‘iroqni qabul qilsangiz, unga javob bermasdan, ushbu raqamga qayta aloqaga chiqish tavsiya etiladi. Qayta qo‘ng‘iroq qilganingizda raqam mavjud emasligini yoki firibgarlikka hech qanday aloqasi bo‘lmagan odam javob berishiga duch kelasiz.
Diqqat va tanqidiy fikrlash tuzoqlardan qochishga yordam beradi. Masalan, internet-do‘konlarda xarid qilganda, agar hamma narsa haddan tashqari mukammal ko‘rinsa: past narxlar, bir zumda yetkazib berish va’dalari yoki fikr-mulohazalarning yo‘qligida ehtiyot bo‘lish kerak. Internetda osonlik bilan pul topish haqidagi takliflar ham xuddi shunday — agar biror narsa rost bo‘lish uchun haddan tashqari yaxshi bo‘lib tuyulsa, bu yolg‘on bo‘lishi ehtimoli katta.
Qizig‘i shundaki, boshqa mamlakatlarda qariyalar ko‘pincha firibgarlarning qurboniga aylanishadi, lekin bizda vaziyat biroz boshqacha. Ko‘p jihatdan keksa avlodning mentaliteti va hayotining o‘ziga xosligi tufayli. Aksariyat hollarda pensionerlar bolalari yoki yaqinlari bilan yashaydilar, yaqinlari ularga zamonaviy texnologiyalarni tushunishda yordam beradilar va xavf-xatardan ogohlantiradilar.
Bundan tashqari, pensionerlarimiz ancha faol va rivojlangan. Ularning aksariyati yoshlardan ko‘ra ko‘proq vaqtini internetda o‘tkazadi. Bunda ular turli manbalarni o‘rganish, jumladan, firibgarlik usullari haqida ma’lumot olish imkoniyatiga ega.
Qo‘shimcha ravishda, biz ularning xabardorligini oshirishga o‘z hissamizni qo‘shyapmiz. Dasturimiz doirasida uyma-uy yurar ekanmiz, ko‘pincha aynan keksalarni uchratamiz. Biz ularga kiberjinoyatlar haqida batafsil gapirib berib, firibgarlikdan qanday qochish mumkinligini tushuntiramiz. Bu bilimlarni keyinchalik bolalari, nabiralari, do‘stlari bilan bo‘lishishadi, bu esa butun bir oila uchun himoya zanjirini yaratadi.