Pokistondan import bo‘lgan mahsulot uchun rasmiylashtirilgan 30dan ortiq fitosanitariya sertifikat qalbaki ekanligi aniqlandi. Bu haqda O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, “Ayritom” chegara o‘tkazish punkti orqali 26ta transport birligida Pokiston davlatidan olib kirilgan mandarin partiyasida karantinosti zararkunanda borligi ma’lum bo‘ldi.
Mahsulotlardan namunalar olinib, agentlikning Markaziy fitosanitariya laboratoriyasida ekspertiza o‘tkazildi. Tahlil natijasida import mevada “Qizil pomeranes” qalqondori mavjudligi aniqlandi.
Mazkur turdagi hasharot limon, xurmo, anjir, olma, olxo‘ri, zaytun, uzum kabi o‘simliklarning shirasi bilan oziqlanib, ularning hosildorligiga ta’sir ko‘rsatadi. Asosan Pokiston, Afg‘oniston, Jazoir, Angola, Gvineya, Misr, Tanzaniya, Janubiy Afrika hududida tarqalgan.
Holatga oydinlik kiritish maqsadida Karantin agentligi Pokiston karantin xizmati bilan bog‘landi. Muloqotda Pokiston tomoni dekabr oyida O‘zbekistonga mandarin eksporti uchun fitosanitariya sertifikati rasmiylashtirib berilmaganligini ma’lum qildi.
Sertifikatlat O‘zbekiston va Pokiston milliy karantin xizmatlari o‘rtasida elektron hujjatlar almashinuvi tizimi orqali ham tekshirildi va fitosanitariya sertifikatlari qalbaki bo‘lgani aniqlandi.
Endilikda Pokistondan olib kirilishi rejalashtirilgan barcha karantin ostidagi mahsulotlar uchun berilgan fitosanitariya sertifikati haqqoniyligi chegara maskanlarida Karantin agentligining “E-Fitouz” avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali tekshiriladi.
Pokiston davlatining elektron bazasida ushbu fitosanitariya sertifikati mavjudligi tasdiqlangandan so‘ng mahsulotlar olib kirilishiga ruxsat berilishi belgilandi.
Shuningdek, Tashqi Iqtisodiy Faoliyat (TIF) maskanlarida ham karantin davlat inspektorlari tomonidan sertifikatning avtomatlashtirilgan axborot tizimida elektron nusxasi bo‘lgan taqdirda transportni ko‘rik uchun ochish va namunalar olishga ruxsat etiladi.
O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi tadbirkorlar Pokiston davlatidan berilgan fitosanitariya sertifikatlari haqqoniyligini QR-kod orqali tekshirishi mumkinligini ma’lum qildi. Bunda haqqoniy sertifikat Pokiston karantin xizmatining rasmiy saytida aks etishi kerak.
“Sitrus, rezavor va boshqa turdagi meva va sabzavot importida xorijiy mamlakatlarning ishonchli korxonalari bilan hamkorlik qilishni, qnunbuzilish holatlari aniqlangan taqdirda qonunchilikda belgilangan normalar asosida choralar ko‘rilishini ma’lum qilamiz”, deyiladi xabarda.
Shu o‘rinda Pokistondan mandarin eksporti uchun import karantin ruxsatnomasi (IKR) rasmiylashtirilishi vaqtinchalik to‘xtatilgani haqida ogohlantirdi.
Avvalroq “Spot” O‘zbekistonda issiqxona pomidorlari savdosi inqirozga yuz tutayotgani haqida yozgandi.
Asosiy muammo mamlakat uchun eng yirik savdo bozorlaridan biri bo‘lgan rossiyalik iste’molchilarning xarid qobiliyati pasayishi bo‘lgan.