Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li qurilishi 27-dekabr kuni boshlanishi rejalashtirilgan. Bu haqda uchinchi Xalq qurultoyida Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, uch tomonlama temir yo‘l qurish loyihasi “o‘nlab yillar davomida tokchalarda changlangan.” Japarov “asr qurilishi” savdo, turizm va sanoat uchun yangi imkoniyatlar ochishiga umid bildirdi.

“Biz bu loyihani boshlaganimizda, unga ishonmaganlar, uni afsonaviy deb hisoblaganlar bor edi. Lekin bugun barchangiz bu amalga oshirilayotgan loyihaning guvohi bo‘ldingiz. 27-dekabr kuni ushbu yo‘l qurilishi bo‘yicha rasmiy ishlar boshlanadi. U Sharq va G‘arbni bog‘lovchi strategik ko‘prik bo‘ladi,” — dedi Sadir Japarov.

20-dekabr kuni Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi va “Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston” temir yo‘l kompaniyasi" MCHJ o‘rtasida Investitsiya bitimini imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi. Imzolash marosimida O‘zbekistonning Bishkekdagi elchisi Saidikram Iyazxodjayev ishtirok etdi.

O‘z navbatida, Qirg‘iziston bosh vaziri o‘rinbosari, suv resurslari, qishloq xo‘jaligi va qayta ishlash sanoati vaziri Bakit Toroboyev investitsiya bitimi imzolangan kunni loyihaga a’zo uchta davlat uchun tarixiy kun deb hisoblash mumkinligini ta’kidladi.

Uch tomonlama temir yo‘l loyihasi

Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li qurilishiga tayyorgarlik 2022-yilda boshlangan. Uch tomonlama kelishuv bilan loyihaning texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish bo‘yicha ishlarni yakunlash belgilandi.

Temir yo‘l qurilishi bo‘yicha loyihaning asosiy kelishuvlari hal qilingan, uning qiymati taxminan $5,1 mlrdni tashkil qiladi. Uzunligi hozirgacha 454 km bo‘lishi mumkin. Joriy yilning iyun oyida temir yo‘l qurilishi bo‘yicha strategik loyihani amalga oshirish to‘g‘risidagi bitim imzolandi.

Iyulda Shavkat Mirziyoyev loyihani amalga oshirish bo‘yicha bitimni tasdiqladi. Hujjat bilan loyihani amalga oshiruvchi kompaniyaning ustav kapitaliga $255 mln ajratish topshirilgan. Shundan $14 mlni joriy yil oxirigacha o‘tkazilishi kerak.

Oktabr oyi boshida Bishkekda loyiha idorasi ochildi. Aqilbek Japarov mazkur temir yo‘lning qurilish ishlari o‘z vaqtida yakunlanishini aytdi. Noyabrga kelib, Qirg‘iziston hukumati loyiha kompaniyasiga $14 mln ajratishni tasdiqladi.

YTTB Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li qurilishini moliyalashtirishi mumkin. Bank O‘zbekiston Transport vazirligi bilan loyiha doirasidagi hamkorlik yo‘nalishlarini muhokama qildi.

Avvalroq Toshkent va Xojikent oralig‘idagi temir yo‘lga tutash maydonlar renovatsiya dasturiga kiritilishi haqida xabar berilgandi.