“Roskomnadzor” 2024-yil 19-dekabrda “WhatsApp”, “Skype” kabi 12ta messenjerni axborot tarqatish tashkilotchilari reyestriga kiritdi. Bunga “Roskomsvoboda” e’tibor qaratdi.
2018-yildan boshlab “Yarova qonuni“ga ko‘ra, aloqa operatorlari va internet-provayderlari foydalanuvchilarning yozishmalari va qo‘ng‘iroqlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni olti oy davomida saqlashi va davlat organlarining so‘roviga binoan taqdim etishi shart.
2024-yil dekabr holatiga ko‘ra, reyestrda 450 dan ortiq yozuv mavjud (ro‘yxatga kiritish va chiqarish hollari hisobga olingan), jumladan “Yandeks”, “VKontakte,” “Avito” va boshqa xizmatlar haqidagi ma’lumotlar ham bor.
Reyestrga “WhatsApp” va “Skypedan” tashqari Shveysariyaning “Wire” messenjeri, Britaniyaning “Element”, Janubiy Koreyaning “KakaoTalk”, Germaniyaning “Crypviser” va boshqa onlayn servislar kiritildi.
“Ro‘yxatga yangi kiritilgan messenjerlar ushbu talablarni bajaradimi — aytish qiyin”, deb ta’kidlaydi “Roskomsvoboda.
"WhatsApp"ning egasi bo‘lgan “Meta” Rossiyada ekstremistik tashkilot sifatida tan olingan va faoliyati taqiqlangan. Uning boshqa xizmatlari — “Instagram” va “Facebook” esa mamlakatda bloklangan.
Reyestrga kiritilgan kompaniyalar Rossiya foydalanuvchilarining yozishmalari va ma’lumotlarini saqlashlari, shuningdek, so‘rov bo‘yicha Federal xavfsizlik xizmati (FSB)ga o‘tkazishlari shart.
Xavfsizlik kuchlarining ushbu ma’lumotlarga doimiy kirishini tezkor messenjerlarga ega kompaniyalar o‘z mablag‘lari hisobidan o‘rnatishi shart bo‘lgan maxsus uskunalar yordamida ta’minlashi kerak.
Avvalroq “Spot” “YouTube” Rossiyada yil oxirigacha butunlay bloklanishi mumkinligi haqida yozgandi.
Ilgari xizmatni bloklash 30%ga amalga oshirilgan va asosiy zarba kompyuter versiyasiga to‘g‘ri kelgan. Biroq endi rossiyaliklar video hatto telefonlarda ham ochilmasligidan ommaviy ravishda shikoyat qila boshladilar.