Ispaniya to‘rt kunlik ish haftasini rasman qabul qilgan keyingi davlat bo‘lishi mumkin. Bu haqda “Mentoday” nashri xabar berdi.
Kasaba uyushmalari hukumat bilan ish haftasini 40 soatdan 37,5 soatga qisqartirishni nazarda tutuvchi kelishuvga erishdi.
“Ispaniya hukumati mamlakatning ikkita yirik kasaba uyushmasi bilan birgalikda ish haftasini qisqartirish to‘g‘risida kelishuvga erishdi, bunda ish haqi darajasi avvalgidek qoladi”, — deyiladi xabarda.
Shartnoma hali Kongress tomonidan ratifikatsiya qilinishi kerak, bu qiyin vazifa bo‘lishi mumkin.
Haftadagi ish soatlarining maksimal soni hozirgi 40 soatdan 2025-yil oxirigacha o‘zgarmas ish haqi bilan 37,5 soatga qisqartiriladi.
Belgilangan vaqtdan ortiqcha ishlaganlik qo‘shimcha ish soatlari hisoblanib, qo‘shimcha haq to‘lanadi. Talabni buzgan kompaniyalarga har bir xodimi uchun 10 ming yevrodan jarima yoziladi.
Ushbu qaror mamlakat uchun muhim, chunki statistik ma’lumotlarga ko‘ra, ish vaqtini 2,5 soatga qisqartirish butun Ispaniya bo‘ylab 12 mln ishchi uchun ish va shaxsiy hayot o‘rtasidagi muvozanatni yaxshilaydi.
Kelgusi o‘zgarishlar 12 mlnga yaqin xodimlarga, ayniqsa beqaror ish sharoitiga ega bo‘lganlarga ta’sir qiladi, shuningdek, uglerod chiqindilarini kamaytirishga yordam beradi.
Dunyodagi to‘rt kunlik ish haftasi
Tokioda tug‘ilish darajasini oshirish uchun to‘rt kunlik ish haftasi joriy etilishi haqida xabar berilgandi. Farzandlari maktabning quyi sinflarida o‘qiyotgan ota-onalar qisqartirilgan ish kunini tanlashlari mumkin bo‘ladi.
Yaqinda Islandiyada ish haqini saqlab qolgan holda qisqartirilgan ish haftasi ijobiy natija ko‘rsatdi. Xodimlar ish jadvalidan ko‘proq mamnunlik va shaxsiy hayotlarida stressning kamayganini ta’kidladilar.
Xuddi shunday tajriba oktyabr oyi oxirida Germaniyada yakunlandi, unda dasturda ishtirok etgan kompaniyalarning 73%i to‘rt kunlik ish haftasiga o‘tdi. O‘tgan yili muvaffaqiyatli sinovdan so‘ng 56ta Britaniya kompaniyasi ham qisqartirilgan ish jadvalini joriy etishga qaror qildi.
Bundan tashqari, Buyuk Britaniyada ming nafar xodim to‘rt kunlik ish haftasiga o‘tkazildi. Tajriba doirasida ishtirokchilar ish haqini kamaytirmasdan bir kun kam ishlaydilar.
“Spot” O‘zbekistonda to‘rt kunlik ish haftasini joriy etish imkoniyati haqida biznes vakillari fikrlarini keltirdi.
Avvalroq “Spot” Senat XMTning haq to‘lanadigan ta’tillar to‘g‘risidagi konvensiyasini ratifikatsiya qilishni ma’qullagani haqida yozgandi.