Yangi yil bayramida Toshkent metrosi qanday ishlashi ma’lum qilindi. Bu haqda “Toshkent metropoliteni” matbuot xizmati xabar berdi.

Bayram munosabati bilan poyezdlar qatnovi hamda metro harakati belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

Xususan, metropoliten birinchi marta 31-dekabr kuni tonggi 5:00dan 1-yanvar tungi soat 02:00gacha yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatadi. Shu kuni metro bekatlari ish vaqti odatdagidan 2 soatga uzaytiriladi.

Shuningdek, qo‘shimcha dam olish kunlarida metro poyezdlarining harakat jadvali yuzasidan rejaviy ishlar amalga oshirilmoqda. Kompaniya bu bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot berilishini qayd etdi.

Bundan oldin Toshkentdagi avtobuslar qanday ishlashi ma’lum qilingandi. Harakat 30−31 dekabrda yakshanba kunlari uchun tasdiqlangan jadvallar asosida tashkil etiladi.

1-yanvardan boshlab, poytaxtdagi avtobuslarda naqd pul qabul qilish to‘xtatiladi. Naqd pul orqali avtobuslarda harakatlanish uchun bekatlar yaqinidagi infokiosklar orqali bir martalik chipta xarid qilish mumkin bo‘ladi.

Bayram munosabati bilan poytaxtdagi 12ta bozorda arzonlashtirilgan mahsulotlar savdosi tashkil etildi. Toshkent shahar hokimligi mazkur savdo yarmarkalari orqali fuqarolar arzon narxlarda mahsulotlarni xarid qilishlari mumkinligini qayd etdi.

Avvalroq “Toshkent” avtovokzalidan hududlarga qo‘shimcha avtobus qatnovlari tashkil etilgani haqida xabar berilgandi.