20-dekabr kuni hududlarda yuqori iqtisodiy o‘sish va aholi bandligini ta’minlashning yangi tizimini yo‘lga qo‘yish hamda bu borada mahalliy hokimliklarning roli va mas’uliyatini oshirishga qaratilgan prezident farmoni qabul qilindi.
Hujjat bilan, mahalliy hokimliklarning moliyaviy imkoniyat va vakolatlari oshiriladi. 2025-yildan aylanmadan olinadigan soliq, yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq, yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i, davlat aktivlarini ijaraga berishdan tushumlar to‘liq hajmda tuman (shahar)lar budjetlariga o‘tkaziladi. Biroq, JShODS tushumlarining kamida 50%i beriladi.
Hokimliklarga tegishli bo‘lgan aksiyalar (ulushlar)ni sotishdan tushgan mablag‘larning 90%i Qoraqalpog‘iston budjetiga, viloyatlarning viloyat budjetiga va Toshkent shahrining shahar budjetiga hamda obyekt joylashgan tuman (shahar) budjetiga teng ulushlarda taqsimlanadi.
Kelasi yildan Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar kengashlariga tuman (shahar)larning iqtisodiy rivojlanish darajasidan kelib chiqib, YTTlar uchun JShODSning eng kam va eng yuqori qat’iy belgilangan stavkalari doirasida tuman (shahar)lar kesimida YTTlarga qat’iy soliq stavkalari miqdorini belgilashga ruxsat beriladi.
Shuningdek, ular soliq solish maqsadida qo‘llanadigan ko‘chmas mulk ijara qiymatining 1 kv.metr uchun o‘rnatilgan minimal miqdorlariga nisbatan tuman (shahar)lar kesimida 2 barobargacha oshiruvchi koeffitsiyent, xususan, Toshkent shahrida uni yer solig‘i kabi zonalar kesimida qo‘llashlari mumkin bo‘ladi.
Xalq deputatlari tuman (shahar)lar kengashlari suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkalariga 0,7 barobardan 1,5 barobargacha kamaytiruvchi yoki oshiruvchi koeffitsiyent qo‘llashga ruxsat beriladi. Noruda qurilish materiallari bo‘yicha yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliqning qat’iy belgilangan stavkalariga 1,3 barobargacha oshiruvchi koeffitsiyent belgilash vakolatlari beriladi.
Keyingi yilda 78ta tuman budjet xarajatini o‘zi qoplashga o‘tkazish rejalashtirilmoqda. Buning uchun yer, mol-mulk va aylanma solig‘i to‘liq, daromad solig‘ining 50%i ularning o‘zida qoldiriladi.