20-dekabr kuni “E-auksion” platformasida Toshkentdagi “Askiya” bozorining mulkiy majmuasi bo‘yicha savdo o‘tkazildi.

Auksion atigi 15 daqiqa davom etdi va birgina taklif kiritilgandan so‘ng yakunlandi. Uni “Sheng-Ke International” kompaniyasi amalga oshirib, boshlang‘ich narxdan 5%vyuqori bo‘lgan 225,59 mlrd so‘mlik taklifni berdi.

askiya bozor

Korxonalar va tashkilotlarning yagona davlat reyestri ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu nomdagi firma shu yilning may oyida tashkil etilgan va ixtisoslashtirilgan qurilish ishlari bilan shug‘ullanadi. Ustav kapitali 68 mlrd so‘m bo‘lgan kompaniyaning yagona ta’sischisi Qozog‘istondan bo‘lgan xuddi shu nomdagi MCHJ, rahbari esa Chen Maysyuan (Chen Maiquan) hisoblanadi.

“Yangi Toshkent” loyihasi rahbariyati o‘tgan hafta shaharcha qurilishi rejalarini muhokama etish maqsadida kompaniya boshqaruvi bilan uchrashgani haqida ma’lum qildi.

Uchrashuv davomida “Sheng-Ke International” kompaniyasining shahar infratuzilmasi va “yashil” iqtisodiyot sohasidagi tajribasi alohida ta’kidlandi.

askiya bozor

Yakkasaroy tumani hokimligi 16-noyabr kuni bozorni rekonstruksiya qilish loyihasini taqdim etdi. Ma’muriyat rahbari Nilufar Allabergenova loyihada ishtirok etishga qiziqqan bir nechta salohiyatli investorlar bilan muzokaralar o‘tkazilganini ma’lum qildi.

Yangi savdo majmuasi 3 ming kvadrat metrdan iborat eko-bozor, muzlatkichli omborxona, shuningdek, eskalatorlar, panduslar, Wi-Fi nuqtalari, velosiped yo‘laklari va ko‘ngilochar obyektlarni o‘z ichiga olishi kutilmoqda. Bundan tashqari, yaqin atrofda 4 yulduzli mehmonxona qurish rejalashtirilgan.

Shundan so‘ng bozorning mulkiy majmuasi kimoshdi savdosiga qo‘yildi. Xaridordan bozorni rekonstruksiya qilish va uning hududida zamonaviy savdo-maishiy majmuani yaratish talab etiladi.


Avvalroq “Spot” Toshkentda pulli parkovkalar tashkil etish bo‘yicha operator o‘zgargani haqida yozgandi.

Avvalgi auksionda g‘olib bo‘lgan “Balcomuz” savdo natijalari bo‘yicha bitim tuzmagan. Navbatdagi savdolarda “Streetpark Systems” kompaniyasi g‘olib bo‘ldi.