O‘zbekiston Markaziy banki Islomiy moliyaviy xizmatlar Kengashiga a’zo bo‘ldi. Bu haqda regulyator matbuot xizmati xabar berdi.

Kengash faoliyati islomiy moliya institutlarini tartibga solish va nazorat qilish bo‘yicha xalqaro standartlarni ishlab chiqish, samarali korporativ boshqaruv mexanizmlari va risk-menejment tizimini joriy qilishga qaratilgan. Shuningdek, tashkilot sohada kadrlar salohiyatini oshirish va tadqiqotlar o‘tkazishda a’zo tashkilotlarga ko‘maklashadi.

“Mazkur tashkilotga a’zolik boshqa mamlakatlar tajribasini o‘rganish va mamlakatimizda islomiy moliya institutlari faoliyatini tartibga solish hamda nazorat qilish sohasida ilg‘or xalqaro tajribani joriy etish imkonini beradi”, deyiladi Markaziy bank xabarida.

Islomiy moliyaviy xizmatlar Kengashi 2002-yilda tashkil etilgan. Bosh ofisi Kuala-Lumpurda joylashgan kengashning 188ta a’zosi, shu jumladan, 81ta tartibga solish va nazorat qiluvchi organlar (jumladan, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston moliyaviy regulyatorlari), 10ta xalqaro hukumatlararo tashkilot va 97ta bozor ishtirokchilari bor.

Yil boshida Markaziy bankning sobiq raisi Mamarizo Nurmuratov regulyatorga islomiy bank ochish bo‘yicha murojaatlar bo‘lmaganini, qilinishi kerak bo‘lgan ishlar bo‘yicha qaror loyihasi hukumatga kiritilganini qayd etgandi. Islomiy moliya bo‘yicha qumdon tashkil qilinib, bu boradagi ishlarni boshlash kutilmoqda.

May oyida regulyator raisi o‘rinbosari Behzod Hamrayev islom moliyasini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha qonun loyihasi ishlab chiqilganini ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, bu yangi va murakkab soha bo‘lib, qonunchilikda juda ko‘p o‘zgartirishlarni talab qiladi.

Iyul oyida mikromoliya tashkilotlari tomonidan islomiy moliya xizmatlarini ko‘rsatishga oid nizom tasdiqlandi. Buning uchun ular maxsus kengash tuzishi va alohida buxgalteriya hisobini yuritishi kerak.

Shavkat Mirziyoyev avgust oyida o‘tkazilgan tadbirkorlar bilan ochiq muloqotda islom moliyasi bo‘yicha qonun loyihasi tayyorlanganini ma’lum qildi. So‘rov natijalari tadbirkorlarning 38%i islom moliyasi asosida resurs olish istagini bildirganini ko‘rsatgan. Qonun qabul qilinsa, yangi moliyaviy xizmatlar taqdim etilishi, investorlarning kirib kelishi oshishi va $5 mlrdlik qo‘shimcha resurs paydo bo‘lishi mumkin.