O‘zbekistonda dollarning rasmiy kursi yana rekord darajani qayd etdi. Bu haqda Markaziy bank matbuot xizmati xabar berdi.

Regulyator Amerika valyutasining rasmiy kursini 12 909,80 so‘m etib belgiladi. Kun davomida kurs 7 so‘m 80 tiyinga oshdi.

Bir kun oldin dollar kursi yangi rekord o‘rnatib, 12 900 so‘mdan oshdi. Amerika valyutasining so‘mga nisbatan kursi qariyb 9 so‘mga oshib, 12 902 so‘mni tashkil etdi.

Bundan oldin dollar kursi to‘rt marta rekordni yangilab, 20-dekabr kuni 12 893,07 so‘mni, 14-dekabr kuni 12 892,97 so‘mni, 13-dekabr kuni 12 880 so‘mni, 10-dekabr kuni esa 12 874,02 so‘mni tashkil qilgandi.

Noyabr oyida kurs ketma-ket uch marta rekord darajaga ko‘tarilib, 28-noyabr kuni 12 865,05 so‘mni, 20-noyabr kuni 12 855 so‘mni, 19-noyabr kuni 12 844 so‘mga yetgandi.

2023-yilning 10-avgust kuni Amerika valyutasi birinchi marotaba 12 ming so‘m chegarasidan o‘tdi. Rasmiy kursning 400 so‘mga sakrashi 2018-yilda valyuta bozori liberallashganidan beri eng keskin ko‘tarilish bo‘lgan.