Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” kompaniyasiga suveren kredit ajratilishini e’lon qildi.
Kredit 500 kilovolt (kV) kuchlanishga mo‘ljallangan yuqori kuchlanishli elektr uzatish liniyasini qurish uchun mo‘ljallangan. 230 km uzunlikdagi liniya Navoiy viloyatidagi Muruntov va Xorazmdagi Sarimoyni bog‘laydi.
Kredit miqdori 63,9 mln yevroni ($66,4 mln) tashkil etadi. Loyihaning amalga oshirilishi shimoli-g‘arbiy va janubi-g‘arbiy hududlar o‘rtasida energiya tashishni yaxshilashi, shuningdek, elektr ta’minotidagi uzilishlarni kamaytirishi kutilmoqda.
Shuningdek, bo‘lajak elektr uzatish tarmog‘i qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan ishlaydigan yangi elektr stansiyalarini tarmoqqa ulash imkonini beradi.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, uning qurilishi yillik energiya yo‘qotishlarini 34,6 mln kVt*soatga qisqartirish va atmosferaga tashlanmalarni 4,1 ming tonnaga kamaytirish imkonini beradi.
Noyabr oyi boshida YTTB Xorazmda “Voltalia” kompaniyasi tomonidan quriladigan quyosh elektr stansiyasi uchun $54 ml ajratilganini ma’lum qildi.
Bundan tashqari, bank O‘zbekistonda “yashil” moliyaviy xizmatlarni joriy etishni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari uchun $200 mlngacha mablag‘ ajratishni rejalashtirmoqda.
Avvalroq “Spot” “TBC Bank Uzbekistan” YTTBdan $10 mln miqdorida kredit jalb qilgani haqida yozgandi. Mablag‘larning bir qismi yoshlar va ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltiriladi.