Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmatlarini ko‘rsatishda yangi to‘lov mexanizmlarini joriy etishga qaratilgan qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi. Bu haqda quyi palata matbuot xizmati xabar berdi.

17-dekabr kuni mazkur qonun loyihasi Qonunchilik palatasi tomonidan birinchi o‘qishda ko‘rib chiqilgandi. Uni ikkinchi o‘qishga tayyorlashda tegishli vazirlik va idoralar vakillari, huquqshunos va ekspertlar ishtirokida ishchi guruh yig‘ilishlari o‘tkazilib, qonun loyihasi muhokama qilindi va takomillashtirildi.

Qonun loyihasida chiqindi xizmatlari uchun qarzdorligi mavjud iste’molchilarga ular SMS orqali xabardor qilingandan keyin 5 kun muddatda qarzdorlikni uzish imkoni berilishi belgilandi. Agar to‘lov amalga oshirilmasa, elektr energiyasi uchun to‘lovlarni qabul qilish vaqtinchalik cheklanadi.

Shuningdek, loyiha bilan iste’molchilar huquqlariga rioya etish kafolatlarini mustahkamlanib, maishiy chiqindilarni olib chiqib ketishga ixtisoslashgan tashkilotlar to‘lovlarning haqqoniy va to‘g‘ri hisoblanishi uchun javobgar bo‘lishi, mazkur talablar buzilganda iste’molchiga yetkazilgan zarar qoplanishi belgilanmoqda.

Qonun loyihasi chiqindilarni to‘plash va olib chiqish bo‘yicha aholiga ko‘rsatilgan xizmatlar uchun to‘lov mexanizmlarini takomillashtirishga va sifatini oshirishga xizmat qilishi ta’kidlandi. Qonun loyihasi deputatlar tomonidan uchinchi o‘qishda qabul qilindi.

Chiqindidan qarzdorlik uchun “svet"dan uzish

Yil boshida qabul qilingan prezidentning chiqindilarni boshqarish tizimini yaxshilashga qaratilgan farmonida chiqindi xizmatlari uchun oylik to‘lovlardan qarzdorligi bo‘lgan abonentlar SMS orqali xabardor qilib borish belgilangan.

Bunda, joriy yilning 1-iyunidan Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyat markazlarida (6 oylik qarzdorlik uchun), 1-noyabrdan mamlakatning barcha hududlarida (3 oy) hamda 2025-yildan barcha hududlarda bir oylik qarzdorlik uchun ogohlantirishdan keyin to‘lov qilmaganlarning elektr uchun to‘lovlarini qabul qilishni vaqtinchalik cheklash nazarda tutilgan.

Oktabrga kelib, chiqindi xizmatlaridan qarzdorligi bor fuqarolar elektr to‘lovlari cheklanishidan ogohlantirila boshlandi. “Hududiy elektr tarmoqlari” faqat bildirishnoma jo‘natish bilan cheklanib, elektr energiyasi uchun esa to‘lov qilish mumkin.

Bu elektr energiyasi, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunlarga hamda “HET” va iste’molchilar o‘rtasidagi shartnomalar shartlariga o‘zgartirishlar kiritish talab etilishi bilan izohlandi.

Undan keyin kompaniya 1-noyabrdan chiqindidan qarzi borlar elektr energiyasidan tо‘liq uzilishi haqidagi xabarlar asossiz ekanligini ma’lum qildi. Hozirda to‘lov qilmaganlarning elektr uchun to‘lovlarini qabul qilishni vaqtinchalik cheklash amaliyotini joriy qilish bo‘yicha texnik ishlar olib borilmoqda.