Namangan viloyatidagi 5ta AYQShda sifatsiz avtobenzin sotilish holatlari kuzatildi. Bu haqda “O‘zenergoinspeksiya” matbuot xizmati xabar berdi.
Aholini sifatli neft mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlash maqsadida inspeksiya Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurash departamenti va Raqobat qo‘mitasi bilan Namanganda o‘tkazgan nazorat tadbirlarida benzin “zapravka"larda qoidabuzarlik holatlari aniqlandi.
Xususan, To‘raqo‘rg‘on tumanidagi “O.Y.S.”, Mingbuloq tumanidagi “G.B.O.S.” va Namangan shahridagi “K.N” hamda Yangi Namangan tumanidagi “B.Y.M.” va “I.R.G” korxonalariga qarashli shoxobchalarda sotilayotgan benzindan namuna olinib, laboratoriya tahlillaridan o‘tkazildi.
Natijada, benzin “zapravka"larida sotilayotgan AI-92 benzini davlat standarti talablariga mos kelmasligi ma’lum bo‘ldi.
Mazkur holatlar yuzasidan qoidabuzarlikka yo‘l qo‘ygan ushbu AYQShlarning birja savdolarida ishtirok etishi vaqtincha to‘xtatildi.
Bundan oldin Farg‘onada AI-80 benzinini ulgurji sotgan “zapravka"ning birja savdosidagi ishtiroki to‘xtatilgandi.
Avvalroq metan “zapravka"lar faoliyatiga kiritilgan cheklovlar olib tashlanishi mumkinligi haqida xabar berilgandi. Energetika vazirligi matbuot kotibi bu joriy hafta oxirigacha quvurlardagi tabiiy gaz bosimidan kelib chiqib belgilanishini ma’lum qildi.