Shavkat Mirziyoyev 23-dekabr kuni Qoraqalpog‘istonda qo‘shimcha imkoniyatlarni ishga solish, investitsiyani ko‘paytirish va aholi bandligini oshirish bo‘yicha 2025-yildagi ustuvor vazifalar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qoraqalpog‘istonda 87 ming gektar paxtadan o‘rtacha 28 sentner hosil olinayotgani, 10ta tumanda rentabellik pastligi qayd etildi. Ekspertlar bunday kam hosilli paxta maydonlarini qisqartirib, o‘rniga chorva ozuqasi va kunjut ekishni tavsiya qilmoqda.
Ozuqabop ekinlar hisobiga 6,5 trln so‘mlik go‘sht va sut yetishtirish, kunjutdan eksportni $500 mlnga ko‘paytirish mumkinligi hisob-kitob qilingan. Bu orqali ancha suv ham iqtisod bo‘ladi.
Shuningdek, Mo‘ynoqning o‘zida kamida $1 mlrdlik turizm loyihalari uchun salohiyat borligi ta’kidlandi. Yaxlit majmualarni ishga tushirib, 1 mln sayyohga xizmat ko‘rsatish va 5 ming aholini daromadli qilish mumkin.
Etno va ekoturizm bo‘yicha ham imkoniyatlar to‘la ishga solinmay turibdi. Savitskiy muzeyi, “Chilpiq” yodgorligi, Ayoz qal’a, Tuproq qal’a kabi 200 dan ziyod diqqatga sazovor joylar, 10dan ortiq xalq o‘yinlari 3 mln turistni jalb etib, bir necha kun aylantirish uchun dastur hisoblanadi.
Yig‘ilishda Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Amanbay Orinbayev shu kabi imkoniyatlarni ishga solish, investitsiya va ish o‘rinlarini ko‘paytirish bo‘yicha rejalarini taqdimot qildi.
Davlat rahbari ularning tarkibiga e’tibor qaratdi. Xususan, kelasi yil uchun reja qilingan $3,1 mlrd investitsiyaning bor-yo‘g‘i $500 mlni hududiy loyihalarga to‘g‘ri keladi.
Shu bois tumanlardagi hamma imkoniyatlarni safarbar qilib, bu nisbatni ko‘paytirish kerakligi ta’kidlandi. Buning uchun qo‘shimcha $1 mlrdlik hududiy loyihalar shakllantirilib, 120ta korxona ishga tushiriladi. Eksport miqdori $500 mlnga yetkaziladi.
Hududda 85ta yirik korxona to‘liq quvvatga olib chiqiladi. Shuningdek, yangi korxonalar, savdo va servis maydonlari tashkil etilib, 150 ming odamning bandligi ta’minlanadi. Natijada ishsizlik darajasi 5,4%ga tushadi. 20 ming ehtiyojmand oilaga daromad manbai yaratilib, kambag‘allikni 7,6%ga kamaytirish choralari ko‘riladi.
Hozirgi kunda Qoraqalpog‘istonda 1 gigavattli shamol elektr stansiyasi qurilayapti. Jami 9,3 gigavattli shunday stansiyalar qurish bo‘yicha loyihalar boshlanayapti. Bu — yiliga 33 mlrd kVt/soat elektr energiyasi, degani. Tabiiy gaz bo‘yicha ham qulaylik ko‘p.
Shuning uchun metallurgiya, kimyo, qurilish materiallari kabi tarmoqlardagi ko‘p energiya talab qiladigan yirik loyihalarni Qoraqalpog‘istonda joylashtirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Qishloq xo‘jaligida sug‘oriladigan yerlarda jami 3 ming gektar sanoatlashgan bog‘ va tokzor barpo qilinadi. 31 ming gektarda kunjut, 22 ming gektarda mosh ekib, eksportga yo‘naltiriladi. 30 ming gektarda qizilmiya ekish bo‘yicha uch yillik dastur ishlab chiqiladi.
Qoraqalpog‘istonda 3ta asosiy yo‘nalishni — qishloq xo‘jaligi, sanoat va turizmni rivojlantirish bo‘yicha loyiha ofisi tashkil etiladi.
Mazkur tuzilma har bir tumanning o‘sish nuqtalarini tahlil qilib, qanday ekinlarni yetishtirish, yerdan daromadni ko‘paytirishga yordam beradi.
Xomashyo va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash bo‘yicha loyihalar tayyorlab, hokimlarga yetkazadi. Yangi turizm yo‘nalishlarini ochish va ularga infratuzilma olib borish bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi.
Prezident mutasaddilarga investitsiya loyihalarining borishi, bandlik va eksport rejalari ta’minlanishini alohida nazorat qilish bo‘yicha ko‘rsatma berdi. Nufuzli xorijiy ekspertlarni jalb qilib, har bir tumanning rivojlanish strategiyasini ishlab chiqish topshirildi.
Avvalroq Janubiy Koreya kompaniyasi Qoraqalpog‘istonda $62 mlnlik issiqxonalar tashkil etishi haqida xabar berilgandi. Koreya ishtirokida Nukusda qiymati $38 mlnlik ayollar o‘quv markazi tashkil etiladi. Unda xotin-qizlar xizmat ko‘rsatish sohalari bo‘yicha kurslarda o‘qitiladi.