18-dekabr kuni qabul qilingan hukumat qarori bilan davlat xizmatlaridan foydalanishni yanada yaxshilash belgilandi. Bu haqda Adliya vazirligining “huquqiy axborot” kanalida ma’lum qilindi.
Hujjat bilan 5 turdagi davlat xizmatlari proaktiv tarzda amalga oshirilishi belgilanmoqda. Bunda xizmat vakolatli organlar tashabbusi bilan jismoniy va yuridik shaxslar murojaatisiz ko‘rsatiladi.
Elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik suvi hamda issiq suvni hisobga olish uskunalarini davriy qiyoslashdan o‘tkazish aynan proaktiv tarzda amalga oshiriladi. Bular qatoriga xususiy bandlik agentliklarini tegishli reyestrga kiritish ham kiradi.
Davriy qiyoslashdan o‘tkazish muddatidan 3 oy oldin vakolatli organ xodimlari tomonidan hisoblagichlar olib ketiladi va qiyoslashdan o‘tkazilib, qayta o‘rnatib beriladi.
Bundan tashqari, yana 6 turdagi davlat xizmatlarini kompozit tarzida ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilmoqda. Ya’ni jismoniy va yuridik shaxslarning bitta murojaati asosida vakolatli organlar tomonidan ikki va undan ortiq davlat xizmatlari ko‘rsatiladi. Bunga quyidagilar kiradi:
- ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va ushbu manzilga doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga qo‘yish;
- ko‘chmas mulk ijara yoki tekin foydalanish shartnomalarini davlat soliq xizmati organlarida hisobga qo‘yish va bu manzilga vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga qo‘yish;
- davlatga tegishli bino yoki inshootni bir yildan kam bo‘lmagan muddatga ijaraga berish va ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish;
- “E-auksion” elektron savdo platformasida ko‘chmas mulk obyektlarini sotish va ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish;
- tibbiy faoliyat uchun litsenziya bilan birga rentgen uskunasidan foydalanish uchun ruxsatnoma olish;
- xavfli yuklarni tashish uchun sig‘imlarning yaroqliligi to‘g‘risida xulosa bilan birga yadroviy va radioaktiv materiallar, radiatsiya manbalari, radioaktiv chiqindilar va qurilmalarni tashish shartlari va usullarining sanitariya qoidalariga muvofiqligi to‘g‘risida xulosa olish.
Quyidagi 2 turdagi ruxsat etish xususiyatiga ega davlat xizmatlarini ko‘rsatish pasportlari tasdiqlandi:
- maxsus kiritiladigan biologik aktiv moddalar, yangi kimyoviy moddalar, oziq-ovqat qo‘shimchalari, biologik vositalar va materiallar polimer va plastik massalar, parfyumeriya-kosmetika mahsulotini (BAD) olib kirish hamda ishlab chiqarish uchun ruxsatnoma;
- madaniy boyliklarni O‘zbekistondan olib chiqish yoki vaqtincha olib chiqish huquqini beruvchi sertifikat olish.
Shuningdek, bojxona brokeri, xalqaro kuryerlik jo‘natmalarini yetkazib berish hamda nodavlat arxivlarni tashkil etish faoliyatlari uchun ham xabardor etishni nazarda tutuvchi davlat xizmatlarini ko‘rsatish pasportlari tasdiqlandi. Belgilangan nodavlat arxivlar faoliyatini tashkil etishga doir ortiqcha tartiblar bekor qilindi.
Avvalroq termit va boshqa hasharotlardan zararlangan uy-joylar uchun fuqarolarga yangi uylar berilishi ma’lum qilingandi. Xizmatdan Davlat xizmatlari markazi va Yagona portal orqali bepul foydalanish mumkin. Buning uchun hech qanday hujjat talab etilmaydi.