O‘zbekiston va Rossiya soliq ma’muriyatchiligi sohasida hamkorlikni kuchaytiradi. Bu haqda Soliq qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Tomonlar o‘rtasida soliq metodologiyasi va soliq ma’muriyatchiligi bo‘yicha o‘quv dasturlarini o‘tkazishda texnik yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi bitim imzolandi.

Soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Qudbiyevning ta’kidlashicha, bunday hamkorlik davlatlar soliq organlarining salohiyatini oshiradi. Rossiya Federal soliq xizmati rahbari Daniil Yegorov esa ikki tomonlama hamkorlikda o‘qitish bo‘yicha aloqalarga ko‘proq ahamiyat berish kerakligini aytdi.

Shuningdek, mahsulotlarni raqamli markirovkalash bilan bog‘liq masalalar muhokama qilinib, 2025-yilga mo‘ljallangan ishlarning asosiy yo‘nalishlari belgilab olindi. Bunda markirovkalangan mahsulotlar muomalasi bilan shug‘ullanuvchi soliq to‘lovchilarga qo‘shimcha qulayliklar yaratish muhimligi ta’kidlandi.

“Mahsulotlarni kuzatish tizimini takomillashtirish ustuvor vazifa bo‘lib qolmoqda, bu esa bozor shaffofligi va nazorat samaradorligini oshiradi”, — deyiladi xabarda.

Soliq qo‘mitasi delegatsiyasi Robototexnika markaziga tashrif buyurib, logistika operatsiyalarini optimallashtirish va xarajatlarni minimallashtirishga yordam beradigan ombor jarayonlarini avtomatlashtirishning ilg‘or texnologiyalari bilan tanishdi.

Rossiya Federal soliq xizmati matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, uchrashuvda soliq maqsadlarida so‘rov ayirboshlashni elektron shaklga o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilinib, tegishli hujjat imzolangan.

Bundan tashqari, O‘zbekiston delegatsiyasi Rossiya FSXning axborot almashinuvi bo‘yicha xalqaro standartlar talablari doirasida soliqqa tortish maqsadida bank sirini saqlash amaliyoti bilan tanishdi.

Avvalroq “Spot” kelasi yildan soliqlarning bir qismi tuman va shaharlar budjetida qolishi haqida yozgandi.