Raqobat qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan monitoringlar natijasida reklama qonunchiligi buzilish holatlari aniqlanmoqda. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.

“Texnomart” savdo tarmog‘ining “Telegram"-kanalida joylashtirilgan “Eng zo‘r taklif” mazmunidagi mobil telefonlar reklamalarida mahsulot narxi va to‘lov shartlari bo‘rttirib ko‘rsatilganligi ma’lum bo‘ldi. Masalan, “Vivo Y03” telefoni uchun 213 167 so‘m oylik to‘lov, “Honor X7b” telefoni uchun esa 274 167 so‘m etib ko‘rsatilgan.

Qo‘mita tomonidan boshqa savdo do‘konlaridagi bu markadagi telefonlar narxlari solishtirilganda, “Texnomart” savdo do‘konlaridagi muddatli to‘lov narxlari nisbatan yuqoriligi kuzatilgan. Bundan tashqari, reklamada “eng”, “eng yaxshi” kabi orttiruvchi nisbatlar ishlatilgan, lekin bu da’volarni tasdiqlaydigan aniq dalillar taqdim etilmagan, deyiladi xabarda.

Yuqoridagi holatlar yuzasidan qo‘mita Maxsus komissiyasi tomonidan “Texnomart"ga nisbatan “Reklama to‘g‘risida"gi hamda “Iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida"gi qonunlarining tegishli moddalari talablari buzilishi bilan ish qo‘zg‘atildi.

Ishni ko‘rib chiqish yakunlari bo‘yicha kompaniyaga nisbatan moliyaviy jarima qo‘llash haqida qaror qabul qilindi. Qonunbuzilish holatini bartaraf etish va kelgusida yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan ko‘rsatma berildi.

Avvalroq qo‘mita xususiy o‘quv markazlaridan fuqarolarning 1,2 mlrd so‘m pulini undirib bergani haqida xabar berilgandi. Litsenziya talablari va soliq qonunchiligini buzgan hamda sanitariya talablariga javob bermaydigan markazlar faoliyati bo‘yicha 50ga yaqin hujjatlar chora ko‘rish uchun vakolatli organlarga yuborildi.