24-dekabr kuni “Yangi yil bayramini nishonlash davrida qo‘shimcha ishlanmaydigan kunni belgilash va dam olish kunini ko‘chirish to‘g‘risida"gi prezident qarori qabul qilindi. Bu haqda Bandlik vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Hujjat bilan 2025-yilda 5 kunlik ish haftasida ishlaydigan xodimlar uchun dam olish kuni 4-yanvar — shanba kunidan 2-yanvar — payshanba kuniga ko‘chirildi hamda 6 kunlik ish haftasida ishlaydigan xodimlar uchun 2-yanvar — payshanba qo‘shimcha dam olish kuni etib belgilandi.
Dam olish kunlari quyidagicha:
- 28-dekabr, shanba — 6 kunliklar uchun ish kuni, 5 kunliklar uchun dam olish kuni;
- 29-dekabr, yakshanba — barcha uchun odatiy dam olish kuni;
- 30-dekabr, dushanba — 6 kunliklar uchun qo‘shimcha dam olish kuni, 5 kunliklar uchun 14-dekabr (shanba) kunidan ko‘chirilgan dam olish kuni;
- 31-dekabr, seshanba — barcha uchun qo‘shimcha dam olish kuni;
- 1-yanvar, chorshanba — Yangi yil bayrami;
- 2-yanvar, payshanba — 6 kunliklar uchun dam olish kuni, 5 kunliklar uchun 4-yanvar (shanba) kunidan ko‘chirilgan dam olish kuni.
Bayram munosabati bilan poytaxtdagi 12ta bozorda arzonlashtirilgan mahsulotlar savdosi tashkil etildi. Toshkent shahar hokimligi mazkur savdo yarmarkalari orqali fuqarolar arzon narxlarda mahsulotlarni xarid qilishlari mumkinligini qayd etdi.
Toshkentdagi avtobuslar harakati 30−31 dekabrda yakshanba kunlari uchun tasdiqlangan jadvallar asosida tashkil etiladi. Metro harakati esa ikki soat ko‘proq, ya’ni 31-dekabr kuni tonggi 5:00dan 1-yanvar tungi soat 02:00gacha yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatadi.