2025-yilda Rossiyada “WhatsApp” bloklanishi mumkin, deya xabar bermoqda “RIA Novosti” nashri.

Messenjerga kirishni cheklash ehtimoli juda yuqori, deb ogohlantirdi Davlat dumasi.

Qayd etilishicha, gap yana Rossiya qonunchiligiga borib taqaladi va kompaniya unga rioya qilmayotgani ta’kidlanadi. Deputatlar bularning barchasi mamlakat va fuqarolar xavfsizligi uchun zarurligini ta’kidladilar.

“WhatsApp” orqali ekstremistik tashkilotlar harakat qilmoqda va xizmat rossiyalik huquq-tartibot idoralari bilan hamkorlik qilishdan bosh tortmoqda.

Agar messenjer rahbariyati Rossiya qonunlariga rioya qilmasa, “WhatsApp” 2025-yilda bloklanishi mumkin, dedi senator Artyom Sheykin.

Messenjer Rossiyada hanuzgacha bloklanmagan yagona “Meta” xizmati hisoblanadi. 19-dekabr kuni u axborot tarqatuvchilar reyestriga kiritildi, bu foydalanuvchilarning ma’lumotlarini saqlash va kuch xodimlarining so‘roviga ko‘ra uzatish majburiyatini nazarda tutadi.

Xizmat Rossiya huquq-tartibot organlari bilan “hech qanday aloqaga” ega emas va hokimiyat undan o‘zgarishlar kutmoqda.

“Bu tuzilmadan moderatsiyada jiddiy o‘zgarishlar talab qilinmayotganini hisobga olsak, ushbu xizmatning hamkorlikka qay darajada tayyor ekanligini ko‘rishimiz lozim. Biz o‘z qadamimizni qo‘ydik, endi navbat „WhatsApp“ tomonida,” — dedi Davlat dumasi deputati Oleg Matveychev.

Bloklash ehtimoli yuqori, ammo Davlat dumasida Donald Trampning inauguratsiyasi kutilmoqda — “uning yondashuvi butunlay boshqacha.”

“Ehtimol, bir necha oy ichida mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar o‘zgaradi va bir qator G‘arb kompaniyalari Rossiya bozoriga qisman qaytadi,” — deydi deputat Andrey Svinsov.


Avvalroq “Spot” “YouTube” Rossiyada yil oxirigacha butunlay bloklanishi mumkinligi haqida yozgandi.

Ilgari xizmatni bloklash 30%ga amalga oshirilgan va asosiy zarba kompyuter versiyasiga to‘g‘ri kelgan. Biroq endi rossiyaliklar video hatto telefonlarda ham ochilmasligidan ommaviy ravishda shikoyat qila boshladilar.