Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish organlarining elektron reyestri yuritiladi. Hukumat qarori bilan bu bo‘yicha ma’muriy reglament tasdiqlandi.

Unga ko‘ra, hujjat ko‘p kvartirali uylarni boshqaruvchi kompaniyalarni reyestrga kiritish tartibini belgilaydi. Bunda talabgor yoki boshqarish organi so‘rovnoma berish uchun Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona portal (my.gov.uz) orqali murojaat etadi.

So‘rovnoma va unga ilova qilingan hujjatlarda noto‘g‘ri ma’lumotlar ko‘rsatilishi, shuningdek, belgilangan yigimni to‘lamaslik davlat xizmatlarini ko‘rsatishni rad etish uchun asos hisoblanadi.

Elektron reyestrga kirish uchun quyidagi hujjatlar ilova qilinishi kerak:

  • talabgorning ko‘p kvartirali uyni boshqarish uchun mavjud ishchi-xizmatchilari hamda moddiy-texnik bazasi to‘g‘risidagi ma’lumotlar pasportining tasdiqlangan nusxasi;
  • tasdiqlangan shtatlar jadvali;
  • tegishli malaka sertifikat.

So‘rovnoma portal orqali dam olish va bayram kunlaridan qat’i nazar, har kuni 24 soat davomida yuborilishi mumkin. Davlat xizmati ko‘rsatilganligi uchun BHMning 50%i (187,5 ming so‘m) miqdorida yig‘im undiriladi.

Joriy yilning oktabr oyida hukumat bir qator iste’molchilarga o‘z ixtiyori bilan soliq va boshqa imtiyozlarni saqlab qolgan holda elektr energiyasi uchun to‘lovlarni II yoki III tarif guruhlarida amalga oshirishga ruxsat bergandi.

Avvalroq elektr energiyasi, gaz va suv hisoblagichlar proaktiv tarzda tekshiruvdan o‘tkazilishi haqida xabar berilgandi. Bundan tashqari, yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tish ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqni ro‘yxatdan o‘tkazishda amalga oshiriladi.