Shavkat Mirziyoyev huzurida sog‘liqni saqlash sohasida qilingan ishlar va 2025-yilga mo‘ljallangan ustuvor vazifalar ko‘rib chiqildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Birlamchi bo‘g‘inda 18 mingdan ziyod tibbiy brigada tashkil qilingan. Ixtisoslashgan tibbiy xizmatda diagnostika usullari 500dan, davolash usullari esa 800dan oshdi.

2024-yilda sohaga o‘tgan yilga nisbatan 25%ga ko‘p mablag‘ — 36 trln so‘m ajratildi. Birlamchi bo‘g‘inda 6 turdagi skrining tekshiruvi yo‘lga qo‘yildi. 106 ming odamda qandli diabet, 194 ming nafarida yurak qon-tomir, 2 mingdan ziyod ayolda saraton, mingga yaqin bolalarda onkogematologik kasallik erta bosqichda aniqlandi.

Shunigdek, 2 mingdan ziyod mutaxassis xorijda qayta o‘qitildi. Natijada hududlardagi yuqori texnologik operatsiyalar ulushi 61%ga yetdi. 43ta yo‘nalishdagi 191ta klinik protokol yangilandi. Ixtisoslashgan markazlar va filiallarda bu yil 100 ming bemor imtiyozli yo‘llanma asosida davolandi. 7ta ixtisoslashgan markaz sifat nazorati bo‘yicha xalqaro akkreditatsiyadan o‘tdi.

2025-yilda sog‘liqni saqlash sohasiga 41 trln so‘m ajratilishi ko‘zda tutilgan. Yangi shifoxonalar tashkil etish va jihozlash, mavjud quvvatlarni kengaytirish, tibbiy ko‘rik qamrovini kengaytirish rejalashtirilgan.

Davlat rahbari bu sohadagi asosiy vazifa — birlamchi bo‘g‘inda tibbiyot sifatini oshirish ekanini ta’kidladi. Buning uchun vazirlik vertikalini hududlarda to‘g‘ri ishlatish, ayniqsa, chekka va og‘ir tumanlarga e’tiborni kuchaytirish vazifasi qo‘yildi.

Turkiyalik ekspertlar 6ta hududdagi tibbiyot muassasalari faoliyati va ulardagi ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlarni o‘rganib, aholiga ko‘rsatilayotgan birlamchi tibbiy-sanitariya yordami xizmatlarini isloh qilish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilmoqda. Mutasaddilarga bu masalani chuqur tahlil qilib, birlamchi bo‘g‘in transformatsiyasi bo‘yicha qaror loyihasi tayyorlash topshirildi.

shavkat mirziyoyev, tibbiy klinika, tibbiy sug‘urta, tibbiyot, xaridlar markazi

Yo‘nalish xodimlarining malaka oshirish dasturi takomillashtiriladi. Nazariy bilim va ko‘nikmalarni egallashdan kompetensiyalarni rivojlantirishga bosqichma-bosqich o‘tiladi.

Kelgusi yil tibbiyot xodimlarining oylik lavozim maoshlari oshiriladi. Oilaviy shifokorlarning mehnat samaradorligi asosida ustama to‘lash tartibi joriy qilinadi.

Qoraqalpog‘iston, Navoiy, Samarqand, Buxoro, Xorazm, Qashqadaryoda davlat tibbiy sug‘urtasi amaliyotlari joriy etiladi. Markazlashgan laboratoriya xizmatlari kengaytiriladi. “Xaridlar markazi” va uning 13ta hududiy filiali tashkil etilib, tibbiy jihozlardan foydalanish elektron tizim orqali nazorat qilinadi.

Yana 35ta yo‘nalishdagi 400ta milliy klinik protokollar ishlab chiqiladi. 7ta ixtisoslashgan markaz va 2ta OTM xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkaziladi.

Yig‘ilishda kadrlar masalasida tibbiy o‘quv yurtlarida ta’lim sifatini oshirish, uni amaliyot bilan o‘zaro bog‘lash, bitiruvchilarning birlamchi bo‘g‘inda tajriba orttirishini tashkil etish muhimligi ta’kidlandi.

Avvalroq Sog‘liqni saqlash vazirligi huzurida xaridlar markazi tashkil qilinishi xabar berilgandi. Markazga 2025-yildan boshlab, dori vositalari va laboratoriya uskunalarini bevosita ishlab chiqaruvchidan to‘g‘ridan to‘g‘ri xarid qilishga ruxsat beriladi.